2009-yilning bahori edi. Oʻgʻlim Sherzodjon Nizomov navbatchilikni topshirib, xizmatdan uyga qaytayotganda avtohalokatga uchraganligini eshitib, yuragimdagi hamma tomirlar uzilib ketganday boʻldi. Kasalxonaga qanday yetib borganligimni bilmayman. Shifokorlar qanchalik urinmasin, bolamni saqlab qolisholmadi. Hech kim dilbandiga motam tutmasin ekan... 

Farzandim bilimli edi, shuning uchun Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlamasdan turib, oʻzi oʻqigan maktabga ishga olishdi. 3 yil oʻqituvchilik qildi va bir kuni kutilmaganda «Ichki ishlar organlari xodimi boʻlmoqchiman, qarshi emasmisiz?», deb soʻradi. Ochigʻi, ozroq ikkilandim. Nazarimda, oʻgʻlim koʻngilchan, sodda edi. 

Ammo uning koʻzlaridagi qatʼiyatni koʻrib rozi boʻldim. Balki hayotning oʻzi uni pishitishiga ishongandirman. Qisqasi, Jizzax viloyati Ichki ishlar bosh­qarmasiga hujjatlarini topshirib, sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi. Keyin IIV Akademiyasi qoshidagi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursida oʻqidi. 

Ana shu yarim yil farzandimni butkul oʻzgartirdi, u jiddiy va salobatli boʻlib qolgandi. Egniga yarashib turgan formani koʻrib, oilamiz aʼzolarining qalbini faxr hissi toʻldirdi. Oʻgʻlim dastlab Paxtakor tumani, soʻng Arnasoy tumani IIB yongʻin xavfsizligi tizimida faoliyat koʻrsatdi. Boʻsh vaqti kam boʻlishidan xizmati ogʻirligini his qilardim. Yana shuni sezardimki, u yaxshi xodim boʻlishga astoydil intilardi.

Bolam vafot etganidan soʻng men uchun hayot tugagandek tuyuldi. Ancha vaqtgacha oʻzimizga kela olmadik. Ayniqsa, onasi ezilib ketdi. Undan qolgan ikki farzand­gina koʻnglimizni qoplagan zulmatni quvardi. Nabiram Shohjahon Islomov otasining izidan borishga astoydil harakat qildi. Shu maqsadda IIV «JAR» sport-sogʻlomlashtirish maj­muasi qoshidagi harbiylashtirilgan maktab-internatda, keyin Temurbeklar maktabida oʻqidi. Boʻyining biroz pastligi sabab, IIV Akademiyasiga kira olmadi. Shu bois Toshkent sharqshunoslik institutining jahon siyosati yoʻnalishida taʼlim oldi. Ayni vaqtda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot institutining xalqaro aloqalar va marketing boʻlimi boshligʻi. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti magis­tranti.

Otasi hayotdan koʻz yumganida 1 yoshda boʻlgan ikkinchi nabiram Nizomjon esa, bu yil maktabni tugatib, moliya xodimi boʻlmoqchi. Nabiramning niyati ushalishiga ishonaman, chunki astoydil oʻqiyapti. Oʻgʻlimning turmush oʻrtogʻi Gulnoza viloyat IIB Tibbiyot boʻlimida hamshira boʻlib ishlaydi. 

Bolam hayot boʻlganida bu yil 45 yoshga toʻlardi. Uyim­ning bir xonasi devorlariga Sherzodjonimning suratlarini osib qoʻyganmiz, anchagina buyumlari saqlanayapti u yerda. Bolamni sogʻinganimda shu xonaga kiraman... 

Islomjon RAIMJONOV.

Jizzax viloyati

Sharof Rashidov tumani.