Bugun har bir soha rahbarlari yoshlarning muammolarini oʻrganib, ularning takliflarini qoʻllab-quvvatlash va iqtidorlarini namoyon etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlarida yaqin koʻmakchi boʻlishayapti. Qalbi gʻayrat-shijoatga toʻla, qoʻzlari yonib turgan, ishlayman, shu yurt taraqqiyotiga oʻz hissamni qoʻshaman degan fidoyi va tashabbuskor yoshlarni hamisha qoʻllab-quvvatlaymiz. Bizga ana shunday yoshlar kerak. Chunki ulardan umidimiz katta.

 Viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatov ishtirokida oʻtkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida bu alohida taʼkidlandi. 

Dastlab, yosh xodimlarning erishayotgan yutuqlari, iqtidor va salohiyatlari haqida maʼlumot berildi. Dunyo bilan boʻylashayotganimiz, oʻzligimizni anglab, anʼana, urf-odat va qadriyatlarimizni olamga koʻz-koʻz etayotganimiz, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar yoshlar bilan chambarchas bogʻliqligi eʼtirof etildi. 

Uchinchi Renessans bunyodkorlariga doimo ilm-fan sirlarini oʻrganishdan toʻxtamaslik, kitobga oshno boʻlishlik lozimligi borasida tavsiyalar berildi. Uchrashuv doirasida faol, tashabbuskor yosh xodimlar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, bir nafar yosh xodim rahbarlik lavozimiga tayinlandi.

– Bugungi tadbirda oʻgʻlimning namunali xizmati uchun otasi ikkimiz minnatdorchilik xatini qabul qilib oldik, – deydi Pastdargʻom tumani IIB JXX HPB tashkiliy tahlil guruhi inspektori, leytenant Otajon Xudoyshukurov onasi Oʻgʻiloy Gʻoyibnazarova. – U hali yosh, ammo maqsadlari yoʻlida ishtiyoqi kuchli. Farzandimni kasbiga sadoqatli boʻlishini koʻp bora taʼkidlaganmiz. Va uni namunali xizmat qilishida doim qoʻllab-quvvatlaymiz. 

Oʻz muxbirimiz.