Ichki ishlar organlari tomonidan viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarimizning hayoti va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan saqlash, borasida keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi jinoyatchilarni ushlash, korrupsiya, iqtisodiy, axborot texnologiyalari sohasidagi hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining gʻayriqonuniy aylanishi bilan bogʻliq jinoyatlarga eʼtibor qaratilib, jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyish choralari koʻrilmoqda.
Viloyat hududida joriy yilning 2 oyi davomida 77 ta oʻgʻirlik jinoyatlari sodir etilgan boʻlib, ochilmay qolgan jinoyatlarni fosh etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qorakoʻl, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududida sodir boʻlayotgan suv tortish nasosi va transformator oʻgʻriliklarini fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu turdagi oʻgʻriliklarni sodir qilib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi.
Jumladan, Kogon tumani Kogon mahallasida joylashgan fuqaro Gʻ.A.ga qarashli fermer xoʻjaligi dala maydonidan bir dona bahosi 11 million 500 ming soʻmlik dala maydonlarini tomchilatib sugʻorishga moʻljallangan transformatorni nomaʼlum shaxslar oʻgʻirlab voqea joyidan yashiringanligi holati yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxslar qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, jinoyatning tashkilotchisi 1995 yilda tugʻilgan, muqaddam bir necha marotaba oʻgʻirlik jinoyati bilan sudlangan, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida yashovchi D.A., jinoiy sherigi, hamqishlogʻi 1989 yilda tugʻilgan S.A. (vazifa bajaruvchi) va oʻzining “Neksiya” rusumli avtomashinasida haydovchilik rolini bajargan, 1995 yilda tugʻilgan yana bir pastdargʻomlik T.Oʻ. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, oʻgʻirlik jinoyatini sodir qilishgan.
Jinoiy guruh aʼzolari bilan olib borilgan tezkor surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov harakatlari davomida jinoiy guruh tashkilotchisi D.A. Qorakoʻl, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududidan suv tortish nasosi (elektrodvigatel) va transformatorlarni oʻgʻirlab, oʻgʻirlangan buyumlarni Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi R.Sh. ismli shaxsning yuk avtomashinasini buyurtma qilgan holda, viloyatdan olib chiqib ketib, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro S.D.ga sotganligi aniqlandi va ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida olindi.
Shuningdek, sotib oluvchi fuqaro S.D. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoiy guruh aʼzolari tomonidan unga sotish uchun berilgan yana bir nechta suv nasoslari gumon qilinib olib qoʻyildi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, jinoiy guruh aʼzolari ijaraga olgan Kogon tumani Hukumatobod mahallasi Sabiyon qishlogʻidagi uy koʻzdan kechirilganda, viloyatning Romitan va Qorakoʻl tumanlari hududidan oʻgʻirlangan 3 ta tomchilatib sugʻorish qurilmalari dvigatellari ham hujjatlashtirib olindi. Bundan tashqari, jinoiy guruh tomonidan Peshku tumanining Afshona qishlogʻidagi qabriston yonidan oʻgʻirlab ketilgan 5 dona dvigatellar Toshkent shahrida yashovchi S. ismli shaxsga sotib yuborilganligi aniqlangan va hozirda daliliy ashyolarni hujjatlashtirib olish choralari koʻrilmoqda.
Gumon qilinuvchilar bilan olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida jinoiy guruh aʼzolarining Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida sodir qilgan 10 ga yaqin oʻgʻrilik jinoyatlari toʻgʻrisida tezkor maʼlumotlar olinib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlangan holatlar tegishli tartibda qayd etilib, Kogon tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan holda, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Sh. JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
