Mamlakatimizda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan endi tadbikorlik faoliyatini boshlayotganlar ham samarali foydalanishyapti. Ammo guruch kurmaksiz boʻlmas ekan. Demoqchimizki, baʼzi birovlar berilgan imkoniyatning qadriga yetmayapti, hatto yaratilayotgan shart-sharoitlarni suiisteʼmol qilayotganlar ham bor.
Navoiy viloyatining Navbahor tumani “Xashman” mahallasida istiqomat qilayotgan 31 yoshli Abror (ismi oʻzgartirilgan) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish maqsadida Xalq bankining tuman filialidan 30 million soʻm kredit olgan edi. “Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim” deganlaridek, mana 6 oydirki, u kreditni qaytaray demaydi. Vaqt oʻtgani sari qarzi “bolalayapti”.
Shu boisdan filial rahbariyati qarzni undirish chora-tadbirlarini boshlab yubordi. Oxirgi ikki oy davomida filial xodimasi bankka kelishini va kreditni toʻlashini soʻrab unga bir necha marta murojaat qildi. Axiri Abror bankka keldi. Xodima esa bu haqda rahbariyatga xabar berdi. U rahbarning xonasidan chiqayotib Abror bilan gap talashib qoldi. Yigit uni urib, tan jarohati yetkazdi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
