Rustamjon qatʼiyat va halollikka yoʻgʻrilgan xizmat yoʻlidagi faoliyati bilan qisqa vaqt ichida hamkasblari va rahbariyatning ishonchini qozondi. Zimmasiga yuklatilgan har bir ishga vijdonan yondashadigan tergovchi yaqinda xavfli residivistlar tomonidan amalga oshirilgan bosqinchilik va firibgarlik holatini fosh etdi.
Ayblovga koʻra, jinoyatchilar jabrlanuvchiga ogʻir tan jarohati yetkazib, katta miqdordagi mablagʻni qoʻlga kiritishgan. Tergov natijasida ulardan pul mablagʻlari, uyali telefon, kiyim-bosh va boshqa ashyoviy dalillar olingan. Shu bilan birga, gumon qilinuvchining boshqa shaxslarga nisbatan amalga oshirgan bir necha firibgarlik holatlari ham fosh etildi. Tergovchining puxta ish uslubi, dalillarga tayanilgan tahliliy yondashuvi, ishni oxirigacha yetkazish masʼuliyati natijasida ushbu jinoyat haqiqati tiklandi.
Oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashib, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishni oliy burchi deb bilgan Rustam Mamajonovning tarbiyasida mehnatsevar ota-onasining oʻrni katta. Yangiqoʻrgʻondagi maktabda koʻp yillardan beri oʻqituvchi boʻlib ishlab kelayotgan Ahmadjon domla va Masturaxon opa halollik va sidqidillikni Rustamjonga bolaligidan singdirgani ayon. Shunday jasoratli va masʼuliyatli yoshlar soha shaʼnini yuksak tutayotgani, xalq osoyishtaligi yoʻlida halol mehnat qilayotgani yurtimiz kelajagiga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Katta leytenant Rustam Mamajonov shunday burchni sevib ado etayotgan yoshlar safida. Uning halol xizmati, sabr-toqati va haqiqat yoʻlidagi intilishi soha fidoyilarining haqiqiy qiyofasini
namoyon etadi.
Jahongir TOʻXTASINOV,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
