Amir Husayn Movarounnahr taxti uchun asosiy daʼvogar boʻlib turgan bir damda unga ishonchli suyanchiq lozim boʻlgan va bunday nomga barlos urugʻidan boʻlgan Taragʻay Bahodirning oʻgʻli Temur eng munosib nomzod sifatida eʼtirof etilgan. Ikki oʻrtadagi ittifoqni mustahkamlash uchun nikoh eng maqbul chora hisoblangan. Temur va Amir Husayn ittifoqini mus­tahkamlashga amirning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻa sababchi boʻlgan.

KIROYI KUYOV

Bu ittifoqning kelajagi porloq boʻlishini Movarounnahr hukmdori, Amir Qozagʻon oldindan koʻra bilgan. Shu bois Taragʻay Bahodirning oʻgʻliga suyukli nabirasi Oʻljoy Turkonni nikohlab bergan. Nabirasiga sep sifatida yigirma uyur tuya va ot hamda qirq otar qoʻy qoʻshib bergan. Bundan tashqari, toʻyga sovgʻa-salom sifatida qimmatbaho gilamlar, uy-roʻzgʻor anjomlari va boshqa nodir buyumlar tuhfa etilgan. Amir Husayn esa singlisiga tilla zeb-ziynatlar hadya qilgan. 

Qozagʻonning sevimli kuyoviga aylangan Temur Movarounnahr hukmdorini bir necha bor xavf-xatardan saqlab qolgan va buning evaziga Qozagʻon barlos urugʻidan boʻlgan bekni Shibirgʻon shahrining hokimi etib tayinlagan. Shu tariqa, hali oʻttiz yoshga toʻlmagan Temur koʻp narsaga erishgan: hukmdorning nabirasiga uylangan va yakka oʻzi shaharni boshqara turib, davlatni yuritish haqida bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan.

OMADLI TEMUR

Temur va Oʻljoyning toʻyiga Qozagʻonning barcha amiru beklari tashrif buyurgan. Toʻy bir hafta davom etgan. Oradan bir yil oʻtib, Temur xonadonida Umar Shayx 

dunyoga kelgan. 

Kutilmaganda Movarounnahr ichki nizolar maydoniga aylangan. Bunga keksa Amir Qozagʻonning shikorda fitna sabab qatl etilishi zamin yaratgan. Bu fitnaning ortida moʻgʻul xoni Tugʻluq Temur turgan. Qozagʻonning oʻgʻli Mirzo Abdulloh hokimiyatni bosh­qarishga uquvi boʻlmagan va saroyni ishratxonaga aylantirgan. Buning oqibatida mahalliy bek va amirlar unga qarshi isyon koʻtargan va maishatparast Abdulloh Hirotga qochib, umrining oxirigacha oʻsha yerda yashagan. 

Boʻshab qolgan taxt uchun xon va amirlar oʻzaro kurash olib borgan. Ular orasida Amir Husayn va Shibirgʻon hokimi Temur ham boʻlgan. Bu ikkala amirning niyatidan xabardor boʻlgan beklar ularni bir-biriga qarshi qayragan. 

Bu mish-mishlar va fis­qu-fasoddan eng koʻp Oʻljoy Turkon aziyat chekkan. Tarozining bir pallasida ogʻasi, ikkinchisida sevimli eri turgan. Ularning ikkisi ham xolis hakam sifatida Oʻljoyga murojaat etgan. Bu borada Temurga omad kulib boqqan. U navnihol zavjasining aqli va farosatiga tayanib ish koʻrgan. Xon oilasida tarbiyalangan bu ayol koʻpchilikni tanigan va ularning feʼl-atvori hamda nasl-nasabi toʻgʻrisida eriga qimmatli maʼlumotlarni yetkazish barobarida, Temurga u yoki bu zodagon bilan qanday muomala qilishda maslahatlar berib turgan.

SOHIBQIRON

OBROʻSINI OShIRGAN MALIKA

Mashhur «Loy jangi»dagi gʻalabadan moʻgʻullar hech narsa yutishmagan. Samarqand ahli ona shaharlarini dushmandan himoya qilish uchun oyoqqa turgan. Ularga sarbadorlar rahnamolik qilishgan. Hokimiyatni qoʻlga olgan sarbadorlar beklar va amaldorlarning mulkini talon-toroj qilishga kirishgan olomonni toʻxtatib qolgan. Samarqand hokimi va Amir Temurning kuyovi Dovud Barlos qaynogʻasi bilan Keshdaligida uning qalʼasiga tajovuz boshlangan. Qalʼada faqat Temurning singlisi Qutlugʻ Turkon ogʻaning oʻzi boʻlgan. Sarbadorlar yetakchisi Mavlonozoda olomonni amir Dovud Barlosning qalʼasini xonavayron qilishdan saqlab qolgan. Oradan qisqa vaqt oʻtib, Temur va Husayn shahar ostonasida paydo boʻlgan va sarbadorlarning peshvolarini yolgʻon evaziga qoʻlga tushirishgan. Sarbadorlarning yetakchilari qatl etilgan. Amir Temur xotinining maslahatiga quloq tutgan holda qatl ishlaridan narida turgan. Temur singlisining xonadonini talonchilikdan asragan Mavlonozodaning hayotini saqlab qolgan. Bu holat Temurning el orasidagi obroʻsiga obroʻ qoʻshgan.


YO MUHABBAT,

YO RISNTA...

Amir Husayn Movarounnahr taxtiga yana bir odim yaqinlashish uchun moʻgʻul malikasiga uylanmoqchi boʻlgan, lekin bu istakni roʻyobga chiqarish uchun katta mablagʻ zarur edi. Amir Husayn moʻgʻullarga qarshi urushda koʻp talafot koʻrganini roʻkach qilib, mamlakat aholisiga katta soliq solgan. Soliqni yigʻish vazifasi Temurning kuyovi Dovud Barlos zimmasiga yuklatilgan. Kuyovi soliqni toʻplay olmasligini bilgan Temur bu muammoning yechimini izlay boshlagan. Yechimni topishda Oʻljoy Turkon jonbozlik koʻrsatgan. U Qutlugʻ Turkon ogʻa hamda uning eriga yordam berish uchun bor zeb-ziynatlari, shu jumladan, Amir Husaynning oʻzi tortiq qilgan taqinchoqlarni ham Temurga topshirgan. Oʻljoy Turkonning fikriga Nurmushk ogʻa ham qoʻshilgan. Amir Temur taqinchoqlarni kuyoviga bergan. Temur agar Amir Husayn bu taqinchoqlar singlisiniki ekanligini bilsa, fikridan qaytar deb umid qilgan, biroq ochkoʻz Amir Husayn buni bilsa ham, oʻzini bilmaganga olgan. Amir va uning xotinlari amalga oshirgan tadbir Samarqand xalqida Temurga nisbatan iliqlik uygʻotgan, Amir Husaynning obroʻsi esa tushib borgan. 

U Temurni singlisiga zugʻum qilyapti, deb oʻylagan va taqinchoqlarini topshirishga eri majbur qilgan, degan xulosaga kelgan. Singlisini oʻzi tomonda deb oʻylagan Husayn kuyoviga qarshi fitna uyushtirishni koʻzlagan. Dastlab u rejalari haqida hech narsa demagan, lekin kunlar oʻtishi bilan Oʻljoy Turkonni oʻzi tomon ogʻdirishga uringan. Erining qarorlarini ogʻasi notoʻgʻri tushunganligini anglagan Oʻljoy Temurni boshqacha yoʻl tutishga undagan, vaziyatlarni Amirga tushuntirishga harakat qilgan. Oʻljoy Turkon har qancha urinmasin, ogʻasini fikridan qaytara olmagan. Natijada Oʻljoyning hech narsa demay, uyga ketishga hozirlik koʻrishdan boshqa chorasi qolmagan. Husayn singlisiga Temurga ogʻu berishni maslahat bergan. Oʻljoy ogʻasining iltimosini rad etgan va yoʻlga tushgan. Oʻljoy olti yoshli oʻgʻli Umar Shayx va bir yoshli qizi Sulton Baxt Begim hamda ogʻasi biriktirgan xizmatkorlar hamrohligida yoʻlga chiqqan. Amir Husayn sotib qoʻyishidan qoʻrqib, Oʻljoyni oʻldirtirgan. Sing­lisining oʻlimida Amir Husaynning qoʻli borligini tasdiqlovchi dalil yoʻq, lekin uning beaybligi ham isbotlanmagan. Umar Shayx onasining oʻlimi uchun togʻasi Amir Husayndan qasos olishgan uringani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Buni qarangki, Balx shahrini boshqarayotgan Amir Husayn qoʻshinining tor-mor keltirilishida Umar Shayx Mirzo yetakchi boʻlgan. Bu qonli jangda Husayn bilan birga uning ikki oʻgʻli ham halok boʻlgan.

Oʻljoy Turkon ogʻaning ikki oʻt orasidagi qisqa umri mana shundan iborat. U eriga sodiq qolish uchun oʻlim bilan yuzma-yuz kelgan ana shunday qahramon ayol boʻlgan.

Rustam NUR tayyorladi.

e-tarix.uz.