Qashqadaryo viloyati IIBda joriy yilning birinchi yarmi yakuniga bagʻishlangan tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov, boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari, boʻlinma boshliqlari, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari shaxsiy tarkibi videoselektor orqali qatnashdi. 

Yigʻilishda oʻtgan olti oy davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi. 

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatda jamoat tartibini saqlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, mol-mulk daxlsizligi, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Erishilgan yutuqlar bilan birga faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilinib, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi. Xizmatda muvaffaqiyatga erishgan, korrupsion holatlarning oldini olib, ichki ishlar organlarining imijini oshirishga qoʻshga hissasi uchun bir guruh xodimlar faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 

Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari soʻzga chiqib, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida rahbariyatning qatʼiy talab va topshiriqlarini xodimlarga yetkazdi. 

Oʻz muxbirimiz.