Fargʻona viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan “Yoshlar kuni” doirasida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Jumladan, Fargʻona texnika universitetida talabalar bilan ochiq tashkil qilingan ochiq muloqotda yoshlarning taʼlim jarayoni, kelgusidagi reja va maqsadlari, ularni qiynayotgan muammolar tinglandi. Shuningdek, tadbir doirasida talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan koʻrgazma hamda texnik ishlanmalar namoyishi tashkil qilindi. Yosh ixtirochilar tomonidan tayyorlangan loyihalar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Harbiy qismda esa ichki ishlar organlari otaligʻiga olingan “Jasorat maktabi” oʻquvchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda vatanparvarlik, intizom, jasorat va masʼuliyat tuygʻularini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Huquqshunoslik kolleji oʻquvchilari ishtirokida giyohvandlikka qarshi kurash oyligi munosabati bilan targʻibot tadbiri tashkil etildi. Unda giyohvandlik va psixotrop moddalarning inson salomatligi, oila va jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri haqida aniq misollar asosida maʼlumotlar berildi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
