“Tosh-tosh...” Ha, yodingizga nimalar keldi? Gʻani Aʼzamov bosh rolni ijro etgan “Oltin devor” komediyasimi? Lekin koʻpchilik “Oltin devor”ni “Tosh-tosh”, deya eslaydi, shunday ataydi... 

Atoqli rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti Toshxoʻja Xoʻjayev tomonidan 1970 yil Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan ushbu asarning har bir soʻzi xalqimizga yod boʻlib ketgan. Xalqona yumorga boy asarda bosh qahramon Moʻmin, yaʼni Gʻani Aʼzamov sahnada oʻzgalar bilan emas, oʻz-oʻzi bilan, oʻz vijdoni va shaytoniy nafsi bilan kurashadi. Sodda, kamtar, kamsuqum, sipo va odamoxun qahramon tomoshabinni voqealar rivojiga yetaklaydi. Bu aktyorning mahorati va yuksak isteʼdodidan nishonadir.

1909 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan Gʻani Aʼzamov mana shunday betakror ijrolari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan sanʼatkor edi. U aktyor boʻlishidan avval tramvay haydovchisi boʻlib ishlagan. Oliy oʻquv yurtida oʻqimagan. Katta sahnalarda kichik epizodik rollar ijro etgan. Xususan, ilk bor Uygʻun asari asosida sahnalashtirilgan “Qaltis hazil” komediyasidagi Mamarasul obrazi uning ilk roli edi.

Gʻani Aʼzamov kamdan-kam uchraydigan tugʻma isteʼdod sohibi sifatida oʻzining 60 yillik ijodiy faoliyati davomida yuzdan ortiq spektakllarda mukammal obrazlarni sahnaga olib chiqqan. Xususan, Munajjim («Alisher Navoiy»), Arslonsher («Chin muhabbat»), Soqi sumbat («Togʻa-jiyan»), Yusuf («Soʻnggi nusxalar»), Bobchinskiy («Revizor»), Launs («Veronalik ikki yigit») kabi obrazlar aktyorning “mahorat maktabi” sifatida alohida eʼtirof etiladi. 

Gʻani Aʼzamov 1935-yildan boshlab kinoda ham suratga tushadi. Aktyor «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida dunyoga kelgan qator kinofilmlarda esda qolarli obrazlar yaratdi. Kuyov («Qutlugʻ qon»), Kutubxonachi («Abu Ali ibn Sino»), Sartarosh «Maftuningman», Qorashoh («Ikki dil dostoni»), Oqsoqol («Toshkent – non shahrida»), Yusuf («Qari ustaning vasiyati»), Dorboz («Senga shahrimni tuhfa etaman»), Xolmat («Suyunchi») kabi qator kinokaxramonlar tomoshabinlarning yodida qolgan.

Buyuk sanʼatkor ijrosidagi xar bir obraz oʻzining toʻlaqonliligi va yorqinligi bilan kino sanʼatining oltin xazinasidan munosib joy olgan, desak, aslo mubolagʻa emas. Aktyor «Nashtar» hajviy kinojurnali tashkil etilgach, uzoq yillar davomida Xoʻja Nasriddin obrazini ijro etgan.

Gʻani Aʼzamov 1961 yilda “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor boʻlgan hamda bir necha orden va medallar bilan mukofotlangan.

2001 yilda vafot etgan.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA tayyorladi.