Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mineral oʻgʻitlarni noqonuniy tashish bilan bogʻliq qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Chunonchi, soha vakillari Jizzax viloyati Arnasoy tumani “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yigʻini hududida harakatlanayotgan “Nexia”ni toʻxtatib, tekshirganlarida avtoulov salonida 15 ta qopga joylangan 750 kilogramm ammiakli selitra borligi maʼlum boʻldi. Avtomashina haydovchisi, viloyatning Baxmal tumani “Novqa” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi A.J. oʻgʻitni Arnasoy tumanining Gulbahor shaharcha fuqarolar yigʻinida yashovchi shaxsdan sotib olganligini bildirdi. Biroq u oʻgʻitga oid birorta hujjat taqdim qilolmagan.

Arnasoy tumanining “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yigʻinida shunga oʻxshash yana bir hodisa roʻy berdi. Soha vakillari tungi soat 00:30da Baxmal tumani “Novqa” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi B.Q. boshqaruvidagi “Damas”ni toʻxtatdilar. Tekshiruv jarayonida avtoulovda noqonuniy ravishda 750 kilogramm ammiakli selitra olib ketilayotgani aniqlandi. Eʼtiborlisi, mazkur haydovchi ham oʻgʻitni Arnasoy tumanining Gulbahor shaharcha fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi shaxsdan sotib olganligini maʼlum qilgan. Har ikkala haydovchi oʻgʻitni Baxmal tumaniga eltayotganliklarini bayon etishgan.

Xuddi shunday, viloyatning Doʻstlik tumanidagi “Manas-14” yoʻl-patrul xizmati maskanida faoliyat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari “KIA BONGO” rusumli yuk mashinasini toʻxtatib tekshirganlarida, avtoulov yukxonasida 500 kilogramm ammiakli selitra borligi ayon boʻldi. “KIA BONGO” haydovchisi, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Bogʻiston” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi A.X. oʻgʻitni uyiga olib ketayotganligini aytgan. Haydovchi noqonuniy yukni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida yashovchi fuqarodan sotib olganligini bildirgan.

Ayni paytda uchala holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayapti. Oʻz navbatida, mineral oʻgʻitlar “Qishloqxoʻjalikkimyo” aksiyadorlik jamiyatining hududiy boʻlimlariga topshirilgan.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.