Vobkent tumani Quruvchi mahallasida yashovchi B.Sh. otasining uyali aloqa apparati orqali internet tarmogʻidagi “OLX” onlayn savdo platformasiga kiradi. Soʻng oʻziga tegishli velosipedini sotish maqsadida eʼlon beradi. Shundan keyin unga notanish raqamdan nomaʼlum shaxs qoʻngʻiroq qilib, mazkur saytda uning eʼlonini koʻrganligini hamda uning velosipedini 600000 soʻmga sotib olishini bildiradi.
B.Sh. unga ishonadi. Nomaʼlum shaxs uning ishonchini suiisteʼmol qilib, plastik karta hisob raqamiga pulni oʻtkazishni vaʼda beradi. B.Sh. shoshganidan onasining plastik karta raqamini aytadi va koʻz ochib yumguncha vaqt oʻtmay, mazkur plastik karta hisob raqamidagi 1 million 600 ming soʻm miqdordagi pullarni yechib oladi. Bu holatdan B.Sh. chappak chalib qolmaydi. U darrov “102”ga qoʻngʻiroq qiladi.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 2000 yilda tugʻilgan A.A. sodir qilganligi fosh etildi. Hozirgi kunda ushbu shaxsning fosh etilmasdan kelayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
M.AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
