Butun Movarounnahr oʻlkasidan kelgan vakillarga koʻhna Balx bagʻrini keng ochdi. Sayyidlar, ulamolar, darveshlar, savdogarlar tilidan Temurbek nomi tushmas edi. Shu bilan birga oʻz mustaqilligini saqlashni istagan Xorazm, Hirot, Marv va boshqa shaharlardan kelgan vakillar ochiqdan ochiq Temurbekni «oʻgʻri», «qaroqchi» sifatida mazax qilishdi. Choʻloq, oqsoq, deya ustidan kulganlar ham boʻldi. 

Ammo ular joylarda zikr tushgancha Temurbek deya hayqirayotgan qalandarlar, darveshlar vajohatidan damlari ichlariga tushib ketdi. Sovut kiygan bahodirlar avzoyi ham yaxshilikdan dalolat bermasdi. 

– Kim islom dinimiz gʻalabasini tilasa, oʻsha Temur uchun ovoz bersin! 

Bunday hayqiriqlar Balx shahrining har burchagidan yangrardi. Munajjimlar esa atroflariga odamlarni toʻplab, tungi osmonda charaqlab turgan yulduzlarni koʻrsatib, Temurbek yulduzi porlayotganiga ishora qilishardi. 

– Sohib-ul-quron! – Munajjimlar Temurbekka shunday unvonni, yaʼni yulduzlar sultoni unvonini taqdim qilishdi. 

Asriy chinorlar atrofida yigʻilgan qurultoy qatnashchilari yerga toʻshalgan kigizga qarab turishganda naqshbandiylar piri Mir Sayyid Baraka Temurbekni ular oldiga yetaklab keldi. 

– Temurbek! – dedi pir unga. – Xalqdan soʻrangchi, u Sizni istaydimi? 

Minglab hayqiriqlar uning tovushini bosib ketdi: 

– Sen bizning sultonimiz!

– Sen – islom qilichi!

– Sohib-ul-quron!

Mir Sayyid Baraka Temurbekni kigiz oldiga keltirib, baland ovoz bilan unga murojaat qildi:

– Xalq nomidan shuni aytaman senga, Temurbek! Senga faqat Alloh irodasi-yu adolatgina qonun boʻlsin. Oʻdingda tut: Alloh Taolo irodasiga rioya qil, bordi-yu adolatdan chekinsang, mana shu koʻz oldingda turgan kigiz parchasidan mahrum boʻlgaysan. 

Temurbek pir gapini tugatgach, xalqqa qarab oʻz soʻzini aytdi: 

– Sizlarni chorlaganimda oldimga kelasizlarmi?

– Ha, ha, albatta! – joʻr boʻlishdi minglab ovozlar. 

– Qayerga yetaklasam oʻsha yoqqa borasizlarmi?

– Boramiz! Boramiz! 

Qasamyod marosimi yakunida Mir Sayyid Baraka unga oltin kamar, hashamdor qilich va yoqut isirgʻa topshirdi. Nogʻoralar, karnay-surnaylar sadosi ostida sayyidlar va sarkardalar Temurbekni kigizga solib, osmonga baland koʻtarishdi. 

– Allohu Akbar! – deya uch marta tepaga koʻtarib pastga tushirishdi. Shunday qilib hijriy 771 yil (melodiy 1369 y.) 10-ramazon tunida Temurbek Movarounnahr hukmdori qilib saylandi. 

– Biz sayyidlar, jangchilar va xalq Temurbekni Koʻragon qilib koʻtardik, – deb yozilgan edi qurultoy haqidagi turli ellarga yuborilgan xabarnomada, – va biz unga barchamiz itoat qilishimiz haqida qasamyod qildik. 

Temurbek Balxdan Keshga oʻtib, otasi amir Taragʻay qabrini ziyorat qildi. Soʻng oʻzi poytaxt deb eʼlon qilgan Samarqand sari yoʻl oldi. Movarounnahrda tarqoqlik tugab, markazlashgan hokimiyat vujudga kelmoqda edi. U tarixga temuriylar davlati sifatida kirdi. 

Hamdam SODIQOVning 

«Amir Temur hayotidagi gʻaroyibotlar» kitobidan olindi.