Toshkent viloyati IIBB Ekspert-kriminalistika markazi mutaxassislari tomonidan mazkur hududdagi shahar va tumanlar IIB ekspert-kriminalistika xizmatida oʻz faoliyatini boshlagan xodimlar uchun “Hodisa joyini koʻzdan kechirish tartibi, ashyoviy dalillarni olish, qayd etish va qadoqlash” mavzusida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazilmoqda.
Mashgʻulotlar davomida voqea joyini tekshirish, u yerda uchraydigan izlar bilan ishlash, jinoyatchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash hamda mazkur jarayonda qoʻllaniladigan ilmiy-texnik vositalar batafsil tarzda tushuntirilmoqda. Shuningdek, markaz tomonidan amalga oshiriladigan ekspertiza turlari va ularni oʻtkazish tartibi haqida ham muhim maʼlumotlar berilyapti.
Tajribali mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan ushbu seminar yakunida uni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xodimlarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Oʻz muxbirimiz.
