Ichki ishlar vazirligi Oʻquv-dala markazida Malaka oshirish instituti sohaviy xizmatlarining ofiser va serjant lavozimlarga toʻgʻridan-toʻgʻri tanlov asosida qabul qilingan 500 nafardan ziyod xodimlari bilan maxsus kasbiy tayyorgarlik kursi yakunlanishi munosabati bilan bitiruv tantanali tadbiri boʻlib oʻtdi.
Aytish lozimki, oʻqish davomida tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Ular bilan reja asosida madaniy-maʼrifiy tadbirlar va sport musobaqalari oʻtkazilib borildi.
Jumladan, “Uch avlod uchrashuvi”, “Psixologlar bilan uchrashuv”, “Istiqbolli avlod” Respublika ijtimoiy axborot markazi mutaxassislari ishtirokida “Odam savdosi va migratsiya: sabab va oqibatlari” mavzusida seminar trening, «Maʼnaviyat oyligi» doirasida vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik Hamza Maxsumov bilan uchrashuv, kitobxonlikni targʻib qilish uchun ijodkorlar bilan uchrashuvlar va “Kitob yarmarkalari” boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, sportning mini-futbol, voleybol, tennis, shaxmat-shashka, arqon tortish va boshqa turlari boʻyicha musobaqalar muntazam ravishda oʻtkazib borildi.
Chotqol togʻ yon bagʻrida joylashgan «Zarkent bobo», «Qush qoʻnmas avliyo» nomlari bilan mashhur boʻlgan ziyoratgohlar ularda katta taassurot qoldirdi.
– Oʻquv kursida institutning malakali professor-oʻqituvchilardan puxta bilimlar oldik, – deydi tinglovchi, Toshkent shahar IIBB Axborot mulʼti-media markazi mutaxassisi, kichik serjant Husanbek Qosimov. –Oʻrganganlarimiz xizmat faoliyatimizni toʻgʻri tashkil etishimizda dasturulamal boʻlib, oʻz samarasini berishi. shubhasiz
Tantanali tadbirda oʻquv dasturlar talablarini toʻliq oʻzlashtirib, yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, namunali xulqi, oʻqishda erishgan yutuqlari uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Sherali ANVAROV,
IIV Malaka oshirish instituti boshligʻining
Matbuot kotibi, podpolkovnik.