Mayor Toyirov Abror Zaripboyevich 1984-yilda Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi Kattabogʻ qishlogʻida tugʻilgan. 2007-yil Urganch davlat universitetining kimyo-texnologiya fakulʼtetini tamomlagan. 2012 yil Bogʻot tumani IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida faoliyatini boshlagan. 2017-yildan esa, Bogʻot tumani IIB EKG katta eksperti lavozimida xizmat qilmoqda. 

  U joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 158 marotaba tergov harakatlarida, 494 marotaba tezkor-qidiruv tadbirlarida ishtirok etgan. Shuningdek, 105 marotaba hodisa joyini koʻzdan kechirib, 23 ta ekspert-tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. Sodir etilgan jinoyatlarga aloqador boʻlgan 71 ta qoʻl-barmoq izlarini aniqlab, 3 ta jinoyatning “issiq izida” fosh etilishiga oʻz hissasini qoʻshgan.

  Lavhamiz qahramoni zimmasiga yuklatilgan vazifaga masʼuliyat bilan yondashib, tuman hududida oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. U jamoat xavfsizligini taʼminlash, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishdagi faol ishtiroki uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan. 

Mayor Abror Toyirov 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan “Oʻzbekiston prokuraturasiga 30 yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. 

  Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek, sharafli kasbda sidqidildan xizmat qilayotgan bunday jonkuyar xodimlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

 Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.