«MEHR QOLUR, MUHABBAT QOLUR»
Yurtimizda yangi yil shukuhi kezib yurgan shu kunlarda sirdaryolik ichki ishlar organlari xodimi besh nafar bolani farzandlikka olgani haqidagi xabar tarqalgach, ushbu xonadonda mehmon boʻldik.
Abrorxon Ahmadxonov asli Guliston tumanidan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2012 yilda Mirzaobod tumani IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida boshladi.
Koʻp yillik xizmatlari eʼtiborga olinib, Abrorxon Ahmadxonovni joriy yilning iyul oyida Sirdaryo viloyati IIB HPB huzuridagi VEIHYOKM boshligʻi lavozimiga tayinlashdi. Markazga qarovsiz qolgan, ayrim sabablarga koʻra koʻchada darbadar turmush kechirayotgan bolalar keltirilardi. Kezi kelganda aytish kerakki, ular shu zahotiyoq mehribon insonlar parvarishiga olinadi. Psixologlar, murabbiylar, shifokorlar, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bolalarni sogʻlom turmush tarziga qaytarish choralari koʻriladi. Qisqa vaqtda ularning shaxsi, oilaviy holatiga aniqlik kiritiladi. Oila bagʻriga qaytariladi yoki maxsus muassasalarga va mehribonlik uylariga joylashtiriladi.
Markaz boshligʻi har safar bolalarning barchasi bilan alohida suhbatlashar, ularning qalbiga qoʻl solardi. Bu gal ham shunday boʻldi. Guliston shahridagi «Bolalar shaharchasi» A. Ahmadxonov boshchilik qilayotgan markazdagi bir necha nafar chin yetimlarni oʻz bagʻriga oldi. Ularni joylashtirishda Abrorxonning oʻzi bosh-qosh boʻldi. Lekin shu yerda qiziq voqea sodir boʻldi. Bolalar undan ajralishni istashmadi. Shunda uch nafar farzandning otasi, mayor Ahmadxonov ularga tez-tez xabar olib turishni, doim ular bilan birga boʻlishini aytib vaʼda berdi. Odatiga koʻra, tez-tez muassasada boʻlib, bolalarning holidan xabar olib turdi. Kunlarning birida xayoliga bir fikr keldi. Shu bolalarni oʻzi farzandlikka olsa-chi?!
Turmush oʻrtogʻi ham uni qoʻllab-quvvatladi. Bu taklifni besh nafar bola quvonch bilan kutib oldi. Ularning ham oʻz ota-onasi boʻladi. Bundan ortiq baxt bormi dunyoda. Shu tariqa, «Bolalar shaharchasi»da tarbiyalanayotgan turli yoshdagi besh nafar bola fayzli bir xonadonga tashrif buyurishdi. Endi ular uchun ham qaygʻuradigan, yutuqlaridan quvonadigan insonlar bor. Bolalarning eng kattasi Abdurasul oʻn olti yoshda. Voyaga yetib, hayotning pastu balandini tushunadigan boʻlib qolgan.
Oʻn yil oldin baxtsiz hodisa tufayli oilasidan ayrilgan. Yaqin qarindoshlari boʻlmaganligi sababli, mehribonlik uyida ulgʻayishiga toʻgʻri kelgan. Endi esa uning ham oʻz uyi, mehribon insonlari bor. Biz bilan suhbatda nimagadir kelajakda qaysi kasb egasi boʻlishini ochiqlamadi. Qisqagina qilib, ulgʻaygach, Abrorxon kabi atrofdagilardan mehrini darigʻ tutmaydigan inson boʻlmoqchiligini aytdi, xolos. Shuning oʻzi ham koʻp narsani anglatadi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
«Postda» muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
Anvar TOʻYCHIYEV olgan surat.
