Oramizda halol mehnat qilib, roʻzgʻor tebratish, daromad olish oʻrniga boshqalarni giyohvandlik domiga tortib, moddiy foyda koʻrishni koʻzlaydigan kimsalar ham, afsuski, uchrab turadi. Yaqinda ana shunday qilmish bilan shugʻullanadigan jinoiy guruhning faoliyatiga chek qoʻyildi. 

Toʻdaboshi Navbahor tumanilik 54 yoshli M.N avval ham xuddi shu kabi jinoyatlar sodir etgani sabab uch marotaba sudlanib, jazoga tortilgan edi. Insonparvarlik tamoyili asosida unga xatosini tuzatishiga imkoniyat berilgan boʻlsa-da, kechirimlilikning qadriga yetmadi. 

“Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas” deganlaridek, bu gal probasiya nazoratida boʻla turib, Karmani tumanida hamtovoqlari orqali 200 gramm miqdordagi zahri qotilni bir nechta xaridorga 10 mln soʻmga pullayotganida qoʻlga olindi. Ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.