Xatolar insonni hayotda koʻp haqiqatlarni anglashga oʻrgatadi. IIV huzuridagi JIED Toʻrtinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga qarashli Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan 41-son manzil-koloniyada jazo muddatini oʻtayotganlarni faol ijtimoiy hayotga qaytarish uchun tarbiyaviy-profilaktik ishlar tizimli ravishda olib borilayotir.
Bilamizki, kitobxonlik insonning maʼnan yuksalishiga xizmat qiladi, dunyoqarashini kengaytiradi, kishini ezgu ishlarga daʼvat etadi. Shu maʼnoda muassasadagi mahkumlarning qalbida kitob mutolaasiga muhabbat uygʻotish uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermoqda. Koloniyada kutubxona tashkil etilgan boʻlib, undan turli mavzulardagi asarlar oʻrin olgan.
– Manzil-koloniyamizda «Barqaror hayot» xalqaro ijtimoiy maʼrifat markazi bilan hamkorlikda «Oʻzbekistonda davlat va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda taʼlim, oʻzaro muloqot va zaif guruhlarning radikallashishiga qarshi barqarorligini oshirish orqali zoʻravon ekstremizmning oldini olishga koʻmaklashish» loyihasi doirasida mahkumlar uchun oʻquv mashgʻulotlari ham tashkil etilgan, – deydi manzil-koloniya TIB boshligʻi, mayor Bahrom Boyqobilov. – Mashgʻulotlar jarayonida mahkumlar oʻzlari qiziqqan kasb-hunarni oʻrganishmoqda. Bu ularga keyinchalik foydali mehnat bilan band boʻlib, halol daromad topishlarida asqatadi.
– Koloniyamizda issiqxona qurilgan, – deydi mahkum Ergash Xudoyqulov. – U yerda asosan sabzavot ekinlari, shuningdek, turli gullar yetishtiramiz. Ekinlarni vaqtida sugʻorish, oʻgʻitlarini berish va parvarish qilish kabi ishlarni maroq bilan bajaraman. Barq urib rivojlangan koʻchatlarni, yetishtirilgan hosilni koʻrib, hamma charchoqlarim tarqab ketadi.
Issiqxonada mahkumlarga poliz mahsulotlarini yetishtirish sirlari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ham olib boriladi.
Bugun axborot texnologiyalari barcha sohalarga jadallik bilan kirib bormoqda. Shunday ekan, kompyuter texnikasini bilmagan odam biror tashkilotda ishlashi qiyin. Koloniyada tashkil etilgan kompyuter savodxonligi kurslari esa bu muammoni bartaraf etishga yordam beradi.
Bularga qoʻshimcha ravishda ayollar sartaroshligi, chilangarlik, duradgorlik kurslari ham yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, koloniyada tashkil etilgan sexlarda mahkumlar plastik eshik va rom yasashni oʻrganishmoqda. Qolaversa, mahkum Daler Yoʻldoshev tomonidan turli roʻzgʻor buyumlari, stol-stul, javonlar yasash boʻyicha mashgʻulotlar ham olib borilayotirki, bu boshqalar uchun ham manfaatli boʻlmoqda.
– Sartaroshlik ham bir hunar, — deydi mahkum Oʻktam Toshpoʻlatov. – Uni oʻrganganim hozir menga asqatyapti. Bu yerda sartaroshlik qilishim uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Muhimi, bu hunarni boshqa mahkumlarga ham oʻrgatyapman.
Bugun ushbu manzil-koloniyadagilarga kasb-hunar oʻrgatilayotganining zamirida bitta ezgu maqsad bor. U ham boʻlsa, mahkumlarga halol mehnat qilib, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga oʻrgatishdir. Zero, inson oʻzi, oila aʼzolarini halol rizq-roʻz bilan taʼminlashi, bu yoʻlda kerak boʻlsa, mashaqqat chekishi savobli amallardandir. Aksincha, ilmsizlik, kasb-hunarsizlik kishini xorlik sari yetaklaydi.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
