Har kuni tong otishi bilan Navoiy shahar koʻchalarida yana bir xizmat avtomobili harakatga tushadi. Bu Qoʻriqlash xizmati mashinasi. Ulov rulida bu gal kichik serjant Sulton Toshpoʻlatov, Qoʻriqlash boshqarmasi 2-sonli tezkor harakatlanuvchi guruhning xaydovchisi. Uning xizmat navbati boshlanishi bilan fuqarolar tinchligi va xavfsizligini taʼminlash vazifasi ham boshlanadi.
Sulton Toshpoʻlatov 1993-yilda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tugʻilgan. Yoshligidanoq masʼuliyat va mehnatga odatlangan. Kollejni tugatgach, Vatan oldidagi burchini ado etish uchun Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7534 harbiy xizmatga yoʻl oldi. Aynan shu joy uni orzulari va maqsadlarini birlashtirdi. Hayotida aniq bir yoʻlni tanlashga koʻmaklashdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qatʼiy harbiycha intizomga odatlandi. Vazifalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarishni boshladi. Muntazam bilim darajasini oshirdi, sport bilan shugʻullanib jismoniy imkoniyatlarini kengaytirdi. Harbiy safda orttirgan intizomi va jasorati unga keyingi hayotda ham hamroh boʻldi.
Boisi, 2015-yilda u ichki ishlar tizimida — Qoʻriqlash xizmatida. Bu xizmat koʻpchilikka oddiydek tuyulishi mumkin, ammo har daqiqa masʼuliyat va hushyorlikni talab qiladi. Chunki har bir ovoz signali, har bir chaqiriq — odamlarning tinchligi bilan bogʻliq.
Bugun ham u xizmat sheriklari bilan Navoiy shahri koʻchalarida qoʻriqlovdagi obʼektlaridan xabar olib yurgan kezda, chaqiriq oldi. Bahor mahallasida muammoli vaziyat paydo boʻlgan edi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi yosh er va xotilarning oilaviy muammolari, nizolari xotin-qizlar masalalari boʻyicha masʼul opa ishtirokida muhokama etilayotgan bir payda, tushuntirishlarga qaramay shu joyda janjal chiqib, jahlga berilgan erkak va uning onasi ayolni ura ketadi. Mahalla masʼuli esa tashvish tugmasini bosib qoʻzriqlash xodimlarini yordamga chaqiradi. 2-3 daqiqa oʻtmay yetib kelgan Sulton Toshpoʻlatov va uning sheriklari tezda janjalni bartaraf etib, chora koʻrish maqsadida erkakni shu yaqin oradagi tayanch punkitiga olib kelishadi. Mahallaning masʼullari yaxshiyam shu tashvish tugmasi borligini aytib yigitlarga rahmat aytishdi.
- Biz doim ichki ishlar tizimidagi boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda ish olib boramiz. Koʻpincha kuch ishlatish lozim boʻlgan joylarda bizning ishimiz. Tashvish tugmasi bosildimi demak kimgadir yordam kerakligini his qilamiz. Tezkorlik bilan ish koʻrib tartibbuzarlarni qonun hukmiga topshiramiz,-deydi qahramonimiz.
Fidoyi xizmatlari eʼtirof etilgan holda, kichik serjant Sulton Toshpoʻlatov 2025-yil 14-yanvar kuni — Vatan himoyachilari bayramida “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu nafaqat uning mehnatlariga berilgan baho, balki keyingi xizmatidagi shijoat va masʼuliyat ham.
Mahliyo XOLOVA
Oʻz muxbirimiz,
Navoiy viloyati.
