... Bundan 8 yil muqaddam ilk xizmat faoliyatini boshlagan Surayyo Abdullayeva oʻtgan yillar davomida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi. Ayni paytda Navoiy shahar IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori sifatida ish olib borayotgan qahramonimiz 2023-yilda IIV Akademiyasini sirtdan yakunlashga ham ulgurdi. Lavhamiz qahramoni oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi, izlanuvchanligi tufayli safdoshlari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan. Ayniqsa, xizmat hududida targʻibot ishlari, jinoyat sodir etishga moyil ayollar bilan profilaktik suhbatlar olib borishida pedagogligi qoʻl kelmoqda.
«Ishonch» mahallasida istiqomat qilayotgan Akobir (ismlari oʻzgartirildi) birinchi turmushidan ajrashgach, ota-onasining qistovi bilan buxorolik Yodgoraga uylandi. Bir necha oy ahil-inoq hayot kechirishdi. Yodgora turmushidan mamnun edi. Ammo keyin eri ichkilikka ruju qoʻyib, kunda janjal koʻtaradigan odat chiqardi. Kunlarning birida Yodgorani uydan haydab soldi.
Bundan xabar topgan Surayyo Abdullayeva mahalla faollari, hududiy profilaktika inspektori bilan maslahatlashib birinchi navbatda himoya orderi rasmiylashtirishga kirishishdi. Yodgoraning shu xonadonda yashashga qonunan haqqi borligini eriga tushuntirdi. Mahalladagi koʻpni koʻrgan keksalar esa yigitga ota-onasi qarigan chogʻida ularning halovatini buzmasligi lozimligini uqtirishdi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar besamar ketmadi. Oila saqlab qolindi. Buning uchun roʻzgʻori buzilishini xohlamagan Yodgora katta leytenant Surayyo Abdullayevadan juda minnatdor.
– Ayollarimiz avvallari sport bilan shugʻullanishga biroz uyalishardi, buning ustiga maxsus joylar va murabbiylar yoʻq edi. Mahallamizda Surayyoxonning tashabbusi bilan bizlar uchun sogʻlomlashtirish-sport mashgʻulotlari tashkil etilgani ayni muddao boʻldi. Mashgʻulotlar tufayli ham ruhan, ham jismonan tetiklashyapmiz, – deydi Torobiy mahallasida istiqomat qilayotgan 63 yoshli Dilbar Xolova.
Katta leytenant Surayyo Abdullayeva uyushmagan, vaqtincha ishsiz, jinoyat sodir etishga moyil, ayniqsa, jazoni ijro etish muassasasidan jazosini oʻtab kelgan xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratyapti. Ularni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish, ish bilan taʼminlash borasida mahalla va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
