Ichki ishlar organlari xodimlari binoning ikkinchi qavatida joylashgan zargarlik doʻkonini ehtiyotkorlik bilan koʻzdan kechirishmoqda. Xususan, ekspert-kriminalist eshik va derazalar, panjaralar hamda qimmatbaho buyumlar saqlanadigan shisha qutilardan barmoq izlari nusxalarini olayotir. Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlaridan biri tevarakdagi kuzatuv kameralarini koʻzdan kechirishga kirishdi, boshqasi esa kimdir oʻgʻrini koʻrgan boʻlishiga umidlanib, guvoh qidiryapti.

7 million 500 ming soʻmlik 4 juft oltin sirgʻa, 10 million 500 ming soʻmlik 35 juft kumush zirak, 1 ming 800 AQSN dollari, deya yozilgan qogʻozga koʻz yugurtirgan xodimlardan biri doʻkon egasidan oʻpkalandi: “Kuzatuv kamerasi, signalizasiya oʻrnatinglar, xabarlov tizimiga ulaninglar, deb necha marta aytdik, mana oqibati...”. Qisqasi, tunda kimdir doʻkon eshigi panjarasini, soʻng alyuminiy profilli eshikni buzib, tilla va kumush taqinchoqlar hamda xorij valyutalarini olib ketgandi.  

Dastlabki xulosa shu boʻldiki, eshik panjarasini buzgan inson jismonan baquvvat, temir romning payvandlangan joyini koʻchirib yuborgan. Shuningdek, u tevarakdagi kuzatuv qurilmalarining tasvirga olish doirasiga kirmagan. Demak, kelishdan oldin voqea joyini oʻrgangan yoki yaqin atrofda yashaydi. Bu ishni doʻkondorning tanishlaridan biri qilgan boʻlishi ham mumkin. Biroq jabrlanuvchi hech qanday shaxsdan gumon qilmasligini bildirmoqda. 

Oʻz navbatida ichki ishlar organlari xodimlari muqaddam oʻgʻirlik qilganlar, doʻkon egasining yaqinlari, tanish-bilishlari va kunda-shundalar bilan suhbat oʻtkazishga kirishdilar. Jinoyatni ochishga urinishlar hali ancha davom etishi mumkin edi. Ammo kutilmaganda doʻkon egasi qoʻngʻiroq qilib, bir qiz kumush sirgʻa sotib olishni taklif qilgani, oʻsha taqinchoq uning doʻkonidan oʻgʻirlangan boʻlishi ehtimolini bildirdi... 

Jizzax viloyatining Baxmal tumani markazi Oʻsmat shaharchasi uncha katta boʻlmagani uchun bu yerda yashovchilar bir-birlarini yaxshi taniydilar. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlari koʻp oʻtmay qizni topishdi. Aniqrogʻi, kumush sirgʻani 240 ming soʻmga sotib olgan shaxs qizning kimligini bilardi. 

Suhbat davomida qiz sirgʻani tanish yigit sovgʻa qilgani, taqinchoq toʻgʻrisida ota-onasiga izoh berishdan qochib, sotib yuborganligini maʼlum qildi. Oradan yana ozroq vaqt oʻtgach, gumonlanuvchi qoʻlga olindi. Shaxsiy tintuvdan oʻtkazilganida uning yonidan 12 juft kumush sirgʻa topildi.

— Mazkur jinoyat Oʻsmat shaharcha fuqarolar yigʻinida yashovchi S.X. hamda D.P. tomonidan sodir etilgani aniqlandi, — deydi Baxmal tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi, katta leytenant Farrux Yoʻldoshev. — Oʻrta umumtaʼlim maktabining 11- sinfida taʼlim oladigan ushbu yoshlardan birining ota-onasi xorijda ishlaydi, bola qarindoshlari qoʻlida ulgʻayayotgani uchunmi, tarbiyasida kamchiliklar bor, oʻjar, mushtlashishga moyil. Boshqasining otasi tadbirkor, uning moddiy taʼminlanishida kamchilik boʻlmagan. Shunga qaramasdan xulqida ogʻish bor, ota-onasiga boʻysunmay, kechalari sangʻigan. Jinoyat sodir boʻlgani kuni ham ikkovlari aroq ichishgan, mast holda reja tuzganlar. Iz qoldirmaslik uchun tungi soat 00.30.da niqob va qoʻlqopda oʻgʻirlik qilishgan. Eshik panjarasini ikkovlashib buzganlar. Xullas, oʻsmirlarning jazo olishlari tayin, ayni vaqtda sud hukmini kutishyapti. Gʻoʻrliklari va ota-onalarining kafilligi sabab gumonlanuvchilar ozodlikda. 

Sezganingizdek, jinoyat kutilganidan oson ochilgan, ammo bu bilan ish tugamaydi, jumladan oʻsmirlarning odob-axloqini oʻnglash qaratilgan murakkab jarayon boshlanadi. Endi ularning tarbiyasi bilan nafaqat yaqinlari va oʻqituvchilari, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar, yoshlar ishlari agentligi kabi bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham shugʻullanadilar. Demoqchi boʻlganimiz, hammasi oʻnglanib ketishiga, yoshlikning kuchi va shijoatidan egri maqsadda foydalanganlar yana toʻgʻri yoʻlga qaytishiga umid bor... 

Alijon ABDUSATTOROV,

“POSTDA” muxbiri

Jizzax viloyati.