Yaqinda soat 23:00larda tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB JTSB patrul-post xizmati batalʼoni xodimlari, safdorlar Nosir Ochilov va Shahzod Saidov xizmat hududi hisoblangan Buxoro shahar Amir Temur koʻchasida joylashgan “Mega market” savdo markazi atrofini koʻzdan kechirayotganda kutilmagan topilmaga duch kelishdi. Ular hamyon topib olishdi. Hamyonni ochib qarashsa, uning ichida 2800 AQSh dollari va 73 ming soʻm pul bor ekan.
Oʻz xizmat vazifasiga sidqidildan yondashgan xodimlarning saʼy-harakati bilan ushbu pullarni tushirib qoldirgan fuqaro tezda aniqlanib, pullar egasiga qaytarildi. Pullarning egasi vobkentlik M.U. oilasi bilan savdo markaziga xarid qilish maqsadida kelgan vaqtida turmush oʻrtogʻi ehtiyotsizlik oqibatida hamyonni tushirib qoldirgan ekan.
– Ikkala xodimimiz ham oʻz vazifasiga vijdonan yondashadigan sergʻayrat va shijoatli yigitlar, – deydi batalʼon komandirining oʻrinbosari, mayor Feruz Xayriyev. – Jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda ularning xizmati katta. Hamkasblari bilan doimo xushmuomala munosabatda boʻlishadi. Qisqasi, fidoyi xizmatlari bilan barcha safdoshlariga namuna boʻlmoqda.
Safdor Sh.Saidov 1993-yili Qorakoʻl tumanida, safdor N.Ochilov esa 1994-yili Olot tumanida tugʻilgan. Ikkisi ham sportning kurash va qoʻl jangi turlari bilan shugʻullanib keladi. Viloyat miqyosida oʻtkazib kelinayotgan musobaqalarda doim sovrindorlar qatorida boʻlishadi. Joriy yilda ham viloyat huquq-tartibot organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan qoʻl jangi va kurash musobaqalarida birinchi oʻrinlarni egallashdi.
Osoyishtalik posbonlari hozirgi xizmat jarayoni bilan cheklanib qolmay, yana oʻqib-oʻrganishni, oliy maʼlumotli boʻlishni maqsad qilishgan. Shahzodjon ayni paytda Irrigasiya institutining sirtqi yoʻnalishida 3-bosqich talabasi boʻlsa, Nosirjon shu yili IIV Akademiyasining sirtqi taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirdi...
Qisqasi, yurtimizning ana shunday shijoatli va jasur posbonlar bor ekan, xalqimiz osoyishtaligiga hech narsa rahna sola olmaydi.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
