Qoʻshrabot tumani Oqtov va Nurota togʻ tizmalari orasida joylashgan boʻlib, bu hudud Oʻzbekiston xaritasida Orasoy tekisligi deb ataladi.
Tuman 1978-yil 3-aprelda Samarqand viloyati tarkibida, viloyatning Ishtixon va Payariq tumanlari hamda Navoiy viloyati Nurota tumanining ayrim xoʻjaliklari qoʻshilishi hisobidan tashkil etilgan. Buni tumanning Qoʻrgʻon qishlogʻida yashab, baxshichilikda dovruq qozongan Ergash Jumanbulbulning «Rayonim Nurota togʻlar orasi, Otim Ergash Jumanbulbul bolasi» deb joʻshib kuylagani ham tasdiqlaydi.
Koʻpgina manbalarda hozirgi «Qoʻshrabot» MFY hududida joylashgan Eski Qoʻshrabot hamda ayni paytda tuman markazi hisoblangan Pichot qishloqlarida ikkita rabot boʻlgani, shunga koʻra hudud Qoʻshrabot deb nomlangani aytiladi. Ushbu qoʻsh rabot qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolingan.
Tuman uzoq oʻtmishga ega. Undagi Minishkor va Oqqoʻrgʻon qishloqlari hududida joylashgan gʻorlardan topilgan tosh qurollar ishlov berish texnikasiga koʻra soʻnggi paleolit (er. av.
40–12 ming yilliklarni oʻz ichiga oladi) davriga mansub. Oʻtgan yili 1-avgustdan 13-sentabrgacha olib borilgan tadqiqotlarda esa «Yuqori Joʻsh» MFY hududida Bekqoʻrgʻontepa nomli qadimiy shahar boʻlgani aniqlandi. Qazishmalar davomida koʻplab arxeologik topilmalar, xususan, numizmatik materiallar (tanga pullar), sopol idish parchalari, temir va toshdan yasalgan uy-roʻzgʻor buyumlari, ayollar taqinchoqlari, shisha buyum materiallari topilgan. Bu topilmalar Bekqoʻrgʻontepaga ilk oʻrta asrlarda asos solinganidan, shaharda hayot XIX asr oxiriga qadar davom etganidan dalolat beradi.
Tumanda Zarmitan oltin-ruda koni mavjud boʻlib, bu mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga katta ulush qoʻshadi. Bepoyon dashtlarida dehqonlar gʻalla yetishtirsa, qir-adirlarida chorvadorlar qoʻy-qoʻzi boqadi. Togʻlarining musaffo havosi, soy va daralarida sharqirab oqayotgan zilol suvlar dam oluvchilarni allaqachon oʻziga mahliyo etgan. Togʻ-toshlarida uchib yurgan qushlar – kaklik va toʻrgʻaylari sayrashidan dillar yayraydi. Shundan boʻlsa kerak, togʻ daralari orasida joylashgan Pangat qishlogʻiga borganlar bu maskanga «Pangat – jannat» deb taʼrif berishadi.
Ha, osti javharga, usti gavharga toʻla bu yurtning nomi Qoʻshrabot. Marhamat, bahor chogʻi borib koʻring Pangatni, xuddi koʻrgandek boʻlasiz jannatni.
Shuhrat ROʻZIYEV,
oʻz muxbirimiz.
