Navoiy viloyati hududidagi avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, viloyatning Navbahor tumanida aholining yoʻllarda harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida xonadonma-xonadon yurilib, profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Tumanning “Burqut” mahalla fuqarolar yigʻinida bir yil davomida 5 ta va undan ortiq qoidabuzarlik sodir etgan fuqarolar ishtirokida targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Ularga bu kabi xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻymasliklari lozimligi, aks holda ushbu huquqbuzarliklar ortidan ayanchli yoʻl-transport hodisalari roʻy berishi mumkinligi tushuntirildi. Haydovchilar yoʻl belgilari talablariga rioya qilish, ayniqsa, taʼlim muassasalari oldida tezlikni kamaytirish, velosipedchilar va piyodalarga eʼtiborli boʻlish, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtoulovni boshqarmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi.

Tuman hududida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari 14-sonli umumtaʼlim maktabida ularning otalari ishtirokida muhokama qilindi. Unda farzand tarbiyasiga eʼtiborli boʻlish, bolalarga avtoulov kalitini ishonib topshirmaslik, nazoratni kuchaytirish borasida soʻz yuritildi. Velosipedchilar va mototransport boshqaruvchilarga ularning majburiyatlari aks ettirilgan buklet va tunda nur qaytaruvchi nimchalar tarqatildi.

Mutaxassislar tomonidan avtomobil yoʻllari koʻzdan kechirilib, ichki koʻchalar hamda koʻpriklarda mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni tez orada bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi. Ushbu yoʻnalishlardagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Sabina XOʻJAYEVA.

Navoiy viloyati IIB JXX YHXB

Axborot xizmati mutaxassisi.