Yangiyer shahar IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimi, leytenant Umrzoq Ibragimov bu sohada xizmat qilayotganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq.

– Qalbi fosiq, nafsi buzuq, oʻz manfaatidan boshqa hech narsani koʻrmaydigan odamlar bilan yuzlashganda, har gal dilim ogʻriydi. Lekin ularning qilmishlari dalillar bilan fosh qilinganida, ayniqsa, jabrlanuvchilar­ning minnatdorlikdan «Ota-onangizga ming rahmat!» degan gaplarini eshitganimda, qalbimda mamnunlik hissi paydo boʻladi. Shunday kezlarda shu kasbni tanlaganimdan koʻnglim gʻurur­ga toʻladi, – deydi qahramonimiz.

U. Ibragimov ustozlarining «Bu kasbni tanladingmi, qishning sovugʻi-yu yozning issigʻiga chidashing kerak. Firibgarlar hiyla-yu nayrangini bilish uchun psixolog, ashaddiy jinoyatchini kurashda yengishing uchun sportchi boʻlishing lozim. Xullas, shularni epla­sang bu sohada ishlay olasan» deganlarini bir zum unutmaydi. Qiy­nalgan kezlari oddiy traktorchi boʻlgan otasining kun-u tun mehnat qilib, halol yedirib-ichirgani, birovdan kam qilmay oʻqitib-oʻstirgani, onasi Gulsara opa­ning ham oʻquvchilarga, ham farzandlariga taʼlim-tarbiya berganini eslaydi. Boʻsh vaqt topdi, deguncha kitob varaqlaydi, oʻqib-oʻrganadi, izlanadi.

Toki yurtimiz tinch boʻlsa, oilalar xotirjam yashasa, farzandlar oʻynab-kulsa, talabalar ilm olsa va bunday totli hayot uchun Umrzoqdek yigitlarimiz halol va fidoyilik bilan xizmat qilsa, bunday sermazmun hayotga ne yetsin. Sizlar borki, elimiz tinch, osmonimiz musaffo. Boringizga shukur.

Nodira DOʻSTMATOVA.

Sirdaryo viloyati.