Mahalla aholisi 4824 nafar, 560 ta xonadon, 2 ta koʻp qavatli uy mavjud. Lavhamiz qahramoni joriy yil boshidan buyon bugungi kunga qadar mahallada istiqomat qiluvchi 1 nafar oilaviy janjalkash, 7 nafar ichkilikbozlikka ruju qoʻygan shaxs bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazdi. Shu­ningdek, 20 nafar muqad­dam sudlangan, 30 nafar ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan shaxs bilan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib bormoqda. Mahalla yettiligining boshqa aʼzolari bilan birga xonadonma-xonadon yurib, huquqbuzarlik sodir etish va huquqbuzarlikdan jabrla­nish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslarni aniqlab, ijtimoiy profilaktika yoʻnalishida xulosalar kiritib kelmoqda. 

Yaqinda Adham Abduqah­horovga shu mahallada istiqomat qiluvchi I.J. murojaat qildi. U oʻz murojaatida Andijon shahrida yashovchi R.A. uning ishonchiga kirib, 39 700 AQSH dollarini oʻzlashtirib olganligini bayon qilib, ushbu pullarni undi­rishda yordam soʻraydi. Inspektor andijonlik R.A. bilan gaplashganida, u oʻziga nisbatan toʻplangan hujjatlarni tergov boʻlimiga chiqarmaslik evaziga kapitan Adham Abduqahhorovga 300 dollar pora taklif etadi. Albatta, inspektor R.A.ning jinoyatga yetaklovchi bu qaltis taklifini rad etadi. Pora berish jinoyat ekanligini unga yotigʻi bilan tushuntiradi. Bunday xatti-harakat uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiradi. Lekin R.A. qayta-qayta pora taklif qilaveradi.

— Agar eʼtibor bersangiz, qingʻir ishga moyil, gʻaraz niyatli odam boshqalarni ham oʻziga oʻxshatadi: hammani pul berib, oʻz yoʻrigʻiga yurgizsa boʻladi, degan xomxayolda yuradi, — deydi kapitan Adham Abduqahhorov. — Bunday fuqarolarga nisbatan qo­nuniy chora koʻrish eng toʻgʻri yoʻl deb hisoblayman. 

IIV shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tuman boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.A. profilaktika katta inspektori Adham Abduqahhorovga 300 AQSH dollarini pora sifatida berayotgan vaqtda qoʻlga olinadi. Ushbu holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Fuqaro R.A.ning pora berib, ish bitirishga urinishi yaxshilikka olib bormadi. Endi u mazkur jinoyatning achchiq taʼmini tatib koʻrishga majbur boʻldi...

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.