Abdusoli (ismi oʻzgartirildi) nihoyat niyatiga yetdi. U “Mikrokreditbank” ATB Kogon bank xizmatlari mutaxassisi lavozimida ish boshlab, oʻzini bank egasidek tutadigan boʻldi. Ayniqsa, banklarda mijozlarga ajratiladigan kreditlar unga pul topish manbaiga aylandi.

Dastlab, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan 30 million soʻm ijtimoiy kredit mablagʻlarini hujjatlashtirib berish jarayonida, soliq toʻlovi va boshlangʻich toʻlov sifatida deb, mijozdan 4 million 700 ming soʻm talab qildi. U aldanganini bilmay aytilgan pullarni berdi.

Mijozlar har kun keladi. Ammo ishonuvchan fuqarolar har kun boʻlmaydi. Uni obdan kuzatib, keyin rejasini amalga oshirmasa, pand yeb qolishi turgan gap. Navbatdagi fuqaro bilan sinalgan usulda gaplashib, maqsadini dangal oshkor qildi. Fuqaro ham dangalchi ekan, darrov tuzilgan kredit shartnomasiga asosan rasmiylashtirilgan 22 million 500 ming soʻm mikroqarz mablagʻlaridan 1 million 800 ming soʻm ortiqcha toʻlovni aldov yoʻli bilan undirdi.

U jinoiy harakatlarini davom ettirib, uchinchi fuqaroni ham aldashga oʻtdi. Ishonchni suiisteʼmol qilib, bu safar ham bank bilan tuzilgan kredit shartnomasiga asosan 30 million soʻm ijtimoiy kredit mablagʻlarini oʻzi toʻlab berishini aytib, kreditdan 15 million soʻmini toʻlab, qolganini toʻlamasdan, oʻzining ehtiyojlari uchun sarfladi. 

Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Qonun himoyachilari ham bankirning qilmishidan xabardor boʻlib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayni paytda Kogon shahar IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi xodimlari Abdusolining boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari olib borishmoqda.

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.