Andijon shahrida yashovchi R.Abdurahmon “102”ga qoʻngʻiroq qildi. Uning maʼlum qilishicha, nomaʼlum shaxslar “Spark” rusumli avtomashinasi eshigini buzib ochgan holda videoregistrator va katta miqdordagi pulni oʻgʻirlab ketishgan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi yetib bordi, uning tarkibida ekspert-kriminalistika markazi bosh ekspert-kriminalisti, podpolkovnik Ulugʻbek Ulugʻjonov ham bor edi.

Ekspert-kriminalist U. Ulugʻjonov avtomobil oynasi va eshigida gumonlanuvchining barmoq izlarini topishga muvaffaq boʻldi. Barmoq izlari “Papilon” ADITga kiritildi. Kompyuter jinoyat joyidan olingan barmoq izlari fuqaro I.T.ga tegishli ekanini aniqladi.

Tezkor xodimlar gumonlanuvchini qoʻlga olishdi. U yashagan uydan oʻgʻirlangan videoregistrator va pullar topildi.

Podpolkovnik U. Ulugʻjonovning xizmat faoliyatida bu kabi samarali natijalarga koʻplab misollar keltirish mumkin.

Andijon davlat universitetini bitirgan Ulugʻbek Ulugʻjonov 2005-yilda ichki ishlar organlari safiga kirdi. Asaka tumani IIB qoʻriqlash boʻlinmasida uch yil post xodimi sifatida xizmat qildi.

Soʻngra Andijon viloyati IIB EKBda faoliyat olib bordi. Ekspert-kriminalist, katta ekspert-kriminalist lavozimlarida ishladi. 2021-yildan buyon bosh ekspert-kriminalist lavozimini egallab kelmoqda. Uning shogirdlari katta ekspert-kriminalistlar, kapitanlar Jamshidbek Abdurahmonov va Abduvohid Abdullayev, katta leytenant Mirjalol Madaminov Andijon viloyati ekspert-kriminalistika xizmati boʻlinmalarida muvaffaqiyatli xizmat qilmoqda.

Boris KLEYMAN,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.