IKKINCHI JAHON URUSHI QATNASHCHILARINI RAGʻBATLANTIRISH TOʻGʻRISIDA

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatanimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 000 000 (oʻn ikki million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

3. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali topshirilishini taʼminlasin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda karantin qoidalariga rioya qilgan holda Vatanimiz ozodligi va shon-sharafi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar va madaniy-maʼrifiy kechalarni oʻtkazsin.

5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti           Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 20 aprel