Mamlakatimizda tadbirkorlikni, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, ularning faoliyatida kelib chiqayotgan muammo va toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha kompleks choralar koʻrilmoqda.


Natijada oʻtgan bir yilda 55 mingdan ortiq biznes uchun moʻljallangan binolar barpo etildi, pul aylanmasini 1 million dollardan oshirgan tadbirkorlar soni 5 mingtaga koʻpayib, 26 mingtani tashkil etdi, eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetib, jami eksport hajmi 30 foizga koʻpaydi.


Joriy yilning 22 avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti” doirasida tadbirkorlardan kelib tushgan 12 mingdan ortiq murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda “ochiq muloqot”da belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida:


1. Quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:


tadbirkorlik subʼektlarini toifalarga ajratish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli ishlash;


tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish;


tadbirkorlar uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor yaratish;


mulk huquqini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, mol-mulkni haqiqiy bozor aktiviga aylantirish;


tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortishni erkinlashtirish;


tadbirkorlar bilan uchrashuvda bildirilgan tashabbuslar ijrosini tashkil etish hamda “ochiq muloqot” natijalarini keng targʻib qilish.


2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlik subʼektlari, ilmiy doiralar va keng jamoatchilikning 2-ilovaga muvofiq tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashini (keyingi oʻrinlarda – Jamoatchilik kengashi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.


3. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:


tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot”da bildirilgan taklif va tashabbuslarning vazirlik va idoralar tomonidan samarali va oʻz vaqtida ijro qilinishi holati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;


davlat organlari, tadbirkorlik subʼektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash;


tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, jumladan, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;


tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish;


tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirishga koʻmaklashish.


4. Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Xodjayev va J.Qoʻchqorov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Kudratov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishga nufuzli xalqaro tashkilotlar va milliy ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari hamda mutaxassislarini jalb etsin.


5. Quyidagilarga:


vazirliklar va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;


Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Xodjayev va J.Qoʻchqorovga – “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni toʻliq hajmda amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.


6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:


“yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida eshitiladi;


“yoʻl xaritasi” ijrosini tanqidiy koʻrib chiqish va yoʻl qoʻygan kamchiliklar uchun tegishli masʼullarga chora koʻrish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari huzurida har chorakda yigʻilishlar oʻtkaziladi.


7. Vazirlar Mahkamasi (J.Xodjayev, J.Qoʻchqorov) bir oy muddatda tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot” doirasida bildirilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirish natijasida tadbirkorlarning faoliyatida yuz bergan ijobiy oʻzgarishlarni yoritib borish yuzasidan media-reja tasdiqlasin.


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari tasdiqlangan media-reja asosida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet sahifalarida keng yoritib borsin.


8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.


“Yoʻl xaritasi” boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.


 


Oʻzbekiston Respublikasi


  Prezidenti                              Sh.MIRZIYOEV