Oʻzbekistonda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga oʻtkazildi. Bu haqda Prezidentning 11 dekabrʼ kuni imzolangan “Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida soʻz boradi.
Qaror bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi inspeksiya — Oʻzkomnazoratga quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi:
axborotlashtirish, telekommunikasiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
noshirlik va matbaa faoliyati subʼektlarining qonunchilik talablariga rioya qilishini monitoring va nazorat qilish;
bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish.
Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi OAVda tarqatilishi taqiqlangan yoki cheklangan axborotlarning tarqatilishiga qarshi kurashish yuzasidan choralar koʻradi. OAV, onlayn platformalarda ijtimoiy axborotning tarqatilishida tili, hajmi, davomiyligi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifiga rioya etilayotgani yuzasidan monitoring va nazorat qilish choralarini koʻradi.
Kitob nashr etishda, elektron va audiokitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar koʻradi.
Axborot mahsulotida bolalar sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotning bor-yoʻqligi, axborot mahsuloti bolalarning muayyan toifasiga muvofiqligi yoki aksinchaligi boʻyicha monitoringni amalga oshiradi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axloq meʼyorlari va qonunchilik talablariga rioya qilinishini monitoring qilish, dasturiy taʼminot ishlab chiqarish va tarqatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qonunbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va jarima choralarini qoʻllash ham uning vazifalari qatoriga kiradi.
2027-yil 1-yanvargacha quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli nazorat” platformasi ishga tushiriladi:
aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikasiyalar sohalarida koʻrsatilayotgan xizmatlarni monitoring qilish;
axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki toʻxtalish holati boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor koʻrib chiqilishini tashkil etish.
