Yurtimiz tarixida sobiq Ittifoq prokuraturasining Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhi xalqimiz boshiga solgan kulfatlar bilan iz qoldirganini bilamiz. Buxoro viloyati IIB Sosialistik mulkni talon-toroj qilishga qarshi kurash boʻlimi (OBXSS) boshligʻi lavozimida ishlagan podpolkovnik Ahat Muzaffarov ham oʻsha manfur kuchlar taʼsiriga tushganlardan edi.
Ahat Muzaffarov 1937-yil 4-aprelda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tugʻilgan. Tengqurlari qatori uning ham bolaligi ogʻir turmushning zahmatlari bilan oʻtadi. Ammo u taʼlim olishni kanda qilmaydi. 1954-yilda shahardagi oʻrta maktabni tamomlaydi va oʻsha yili Miraki tumani prokuraturasi kotibi vazifasida ish boshlaydi. U paytlar kadrlar taqchil boʻlib, zehni oʻtkir, bilimdon yoshlarga talab katta edi. Ikki yildan keyin tuman xalq sudining kotibi boʻlib ishni davom ettirgan. 1959–1965-yillarda Toshkent davlat universitetida sirtqi yoʻnalishda ham tahsil oladi. Shu orada Shahrisabz tumani xalq sudi ijrochisi, Surxondaryo viloyati sudi
devonxona mudiri, viloyat sudi aʼzosi sifatida faol xizmat qildi. 1967–1971-yillarda Termiz shahar xalq sudi sudʼyasi,
1971–1972-yillarda Surxondaryo viloyati prokurori lavozimlarida sidqidildan ishladi.
Xizmatda katta tajriba toʻplagan mohir yurist faoliyatini 1972-yili Surxondaryo viloyati IIB Tergov boʻlimi boshligʻi lavozimida davom ettiradi. Shundan soʻng Sariosiyo tumani IIB boshligʻi (1975–1978-yillarda), Buxoro viloyati Romitan tumani IIB boshligʻi (1978–1979-yillarda), Buxoro viloyati IIB OBXSS boshligʻi (1979–1983-yillarda) lavozimlarida samarali faoliyat yuritadi.
Ajoyib rahbar, kamtarin inson sifatida Ahat Muzaffarov oʻz atrofiga koʻplab tajribali xodimlarni toʻpladi. Yosh, iqtidorli xodimlarga gʻamxoʻrlik qilib, ularni tarbiyaladi. Shu oʻrinda shogirdlardan biri Saʼdullo Boʻronovning u haqdagi xotiralarini keltirsak:
– Ahat aka Romitan tumani IIBda boshliq boʻlib ishlayotganida xizmatni boshlaganman. Koʻp oʻtmay, u kishiga haydovchilik qila boshladim. Viloyat IIB OBXSS boshligʻi lavozimiga tayinlanganida ham xizmatni birga davom ettirdim. Oʻshanda toshkentlik bir ayol kelib, unga: «Siz Romitan tumanida ishlagan ekansiz. Erim Gazlidagi maxsus jazoni ijro etish koloniyasida yotibdi. Chiqarishga yordamlashing», deya ming soʻm pul uzatadi. Ahat aka: «Pulingizni solib qoʻying, boʻlmasa, qoʻlingizga kishan taqib, qamoqqa olaman», deb javob qaytaradi. Ushbu voqeadan soʻng koʻp oʻtmay yoʻlda ketayotganimizda avtohalokat ustidan chiqib qolib, toʻxtadik.
Qarangki, GAI formasidagi ikki xodim toʻpponcha tirab, qoʻlimizni qayirishdi. Ahat akaning qoʻlini oʻsha ayol berolmagan maxsus pulga tekkizib, barmoq izlarini olishdi va olib ketishdi. Keyin bilsak, ular soxta xodimlar ekan...
Tergov jarayonida mendan birinchi soʻrashgani shu savol boʻldi: «Muzaffarov kimga pul bergan va kimdan olgan?» Yana qaysi ayol bilan yurganini ham ayt, deb doʻq urishardi. Bilmayman deb turib oldim. Shunga qaramay, pora berishda vositachilik qilgan degan ayblov bilan meni ham qamashdi.
Ahat Muzaffarov 1983-yil 27-aprelda hibsga olindi. Mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, shuningdek, 61 nafar fuqarodan pora olganlik,
9 kishiga pora berganlikda ayblandi va sud tomonidan unga oʻlim jazosi belgilandi. Ushbu sud hukmi keyinchalik 15 yillik qamoq va 5 yillik surgun jazosiga oʻzgartirildi. Qamoq muddatini toʻliq oʻtagan A.Muzaffarov qatagʻon, nohaqlik va adolatsizlik qurboniga aylandi. U ozodlikdan soʻng olti oygina yashadi, xolos.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
