Bilib qoʻygan yaxshi

Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlar joriy yilning 27-oktabrida oʻtkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov kompaniyasi 26-iyuldan boshlanishini eʼlon qilgandi. Oktabr soʻngida boʻladigan jarayon «Mening tanlovim – obod Vatanim» shiori ostida oʻtkaziladi.

 

Saylov oʻtkazilish tartibi

Tarixda ilk marotaba deputatlar saylovi aralash, yaʼni majoritar-proporsional tizim asosida boʻlib oʻtadi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar aniq shaxslarga ovoz berish yoʻli bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi. Bungacha, Oʻzbekistonda parlament saylovlari majoritar tizim boʻyicha oʻtkazilib, unda oʻz saylov okrugida koʻpchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanardi.

Proporsional tizim – bu har bir partiya parlamentda qoʻlga kiritadigan oʻrinlar soni saylovda unga berilgan ovozlar soniga koʻra belgilanuvchi saylov tizimidir. Uning majoritar tizimdan farqi shundaki, bunda saylovchilarga partiyadan muayyan nomzodga emas, partiyaning oʻziga ovoz berish taklif qilinadi.

 

Baʼzi raqamlar

Qayd etilishicha, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni koʻrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilangan. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanish uchun saylovchilarning nisbiy koʻpchiligi ovozini olishi lozimligi belgilangan. Unga koʻra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz toʻplagan taqdirda deputat boʻlib saylanishi mumkin va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 65 nafar aʼzosi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga koʻra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari aʼzolari tashkilotchi sifatida qatnashishi kutilmoqda.

 

Abror POYONOV tayyorladi.