Lochinbek 8-sinfda oʻqib yurgan kezlari sportning oʻzbek jang sanʼati va karate turlari boʻyicha dastlab tuman va viloyat birinchiliklari­da gʻolib boʻldi. Keyinchalik mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham sovrinli oʻrinlarni egalladi. 

U 9-sinfni tugatish arafasida ota-onasi bilan maslahatlashib, IIV Navoiy akademik litseyiga hujjat topshirdi. Hozirda 2-kursda tahsil olmoqda. 

Lochinbek Saʼdullayevning sportdagi yutuqlariga batafsilroq toʻxtaladigan boʻlsak, oʻzbek jang sanʼati boʻyicha oʻz vazn toifasida 2018-yilda boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqada va 2019-yilgi Oʻzbekiston chempionatida 1-oʻrinni egalladi. 2019-yilda Rossiyada yoshlar oʻrtasida karate boʻyicha tashkil etilgan xalqaro turnirda 2-oʻrin sohibi boʻldi. Shu yili oʻzbek jang sanʼati boʻyicha Osiyo chempionatida unga faxrli 3-oʻrin nasib etdi. Ushbu sport turi boʻyicha 2020-yilgi mamlakat chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. 2022-yilgi Osiyo chempionatida esa ilgarigi mavqeini yaxshilab, kumush medal sohibi boʻldi. 2022-yilgi mamlakat chempionatida yana chempionlik mavqeini saqlab qoldi. Qozogʻistonda oʻzbek jang sanʼati boʻyicha boʻlib oʻtgan Jahon kubogi musobaqasida 2-oʻrinni egalladi. Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin.

Lochinbek akademik litseyda fanlardan «aʼlo» oʻqishi bilan bir qatorda, jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. U sport musobaqalarida muntazam qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Maqsadi – IIV Akademiyasiga oʻqishga kirib, kelgusida jinoyat qidiruv xodimi boʻlish. Unga orzusi amalga oshishida tilakdoshmiz. 

Otabek SHAMSIYEV,

IIV Navoiy akademik litseyi oʻqituvchisi, 

isteʼfodagi podpolkovnik.

MUALLIF TOʻGʻRISIDA

Otabek Shamsiyev 1973-yili Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tugʻilgan. 1996-yildan 2017-yilgacha Navoiy viloyati ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Jumladan, 2009 – 2017-yillarda viloyat IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 23-oktabrdagi farmoniga koʻra «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.