Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida pilla xomashyosining talon-toroj qilinishi bilan bogʻliq bir nechta holat fosh etildi. Jumladan, Jondor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida yashovchi fuqaroning avtomashinasi toʻxtatib tekshirilganda, 200 kilogramm pilla xomashyosi borligi aniqlandi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida u pilla xomashyosini tumanning “Jamiyat” mahallasida yashovchi H. ismli ayoldan har bir kilosini 50 ming soʻmdan sotib olganligi maʼlum boʻldi. 

Kogon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinasi toʻxtatib tekshirilganda, yukxonasidan 295 kilogramm pilla xomashyosi chiqdi. Shuningdek, Shofirkon tumanida oʻtkazilgan tadbirlardan birida “Joʻynav” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroga tegishli “Labo” rusumli avtomashinada 532 kilogramm pilla xomashyosi borligi aniqlandi. Qonun himoyachilarining tezkor surishtiruv ishlari natijasida fuqaro pilla xomashyosini Vobkent tumanida sotish maqsadida olib borayotganini tan oldi. Bundan tashqari, viloyat IIB xodimlari tomonidan Qorovulbozor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Gʻijduvon tumanida yashovchi fuqaroga tegishli boʻlgan “Ford” rusumli avtomashina toʻxtatib tekshirilganda, avtomashina yukxonasida 800 kilogramm, Kogon tumanida oʻtkazilgan tadbirda esa yana bir “Ford” rusumli avtomashinada 950 kilogramm pilla xomashyosi borligi aniqlandi. 

Mazkur tadbirlar jarayonida hujjatlashtirib olingan pilla xomashyosi tegishli joyga topshirilib, qonunbuzarlarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Har bir holat boʻyicha huquqiy baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi.   

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.