Ichki ishlar xodimi boʻlish orzusi qahramonimizda 1987–1989-yillarda Uzoq Sharqda harbiy xizmatni oʻtagan paytlarida paydo boʻlgan edi. Yigitlik burchini oʻtash davomida serjant unvonini olgan oʻgʻlon yoʻllanma asosida Toshkent Avtomobil va yoʻllar institutiga oʻqishga kirdi. Tahsil barobarida poytaxt Ichki ishlar boshqarmasida amaliyot oʻtadi. Institutning harbiy kafedrasida tahsil olib, «zaxiradagi leytenant» unvonini oldi. Oliygohni tamomlagach, ikki yil mobaynida Jizzax shahridagi 10-sonli avtokorxonada muhandis boʻlib ishladi. Ammo osoyishtalik posboni boʻlish orzusi hali gurillab turardi. Shu bois 1996-yilning mart oyida ichki ishlar organlariga qabul qilinib, mart-iyun oylarida Toshkent viloyati IIB huzuridagi oʻquv markazi tinglovchisi boʻldi. 

Mana, 30 yildirki, u Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida namunali xizmat koʻrsatib kelmoqda. 

– Oʻtgan yillar mobaynida bir qator lavozimlarda xizmat qildim, – deydi podpolkovnik Baxtiyor Egamberdiyev. – Viloyat boʻyicha barcha tezkor maʼlumotlarni qabul qilish, voqea joyiga tezkor guruhlar yetib borishini taʼminlash kabi shoshilinch vazifalarni bajarish chogʻida har soniyaning qiymatini his qilaman. Xizmat vazifam naqadar zalvorli, muhim ekanidan gʻururlanaman. 

Ustozlar pand-nasihatlarini, vazifa yoʻriqnomasini puxta oʻzlashtirgan podpolkovnik bugun oʻzi ham ustoz. Oltmish yosh ostonasiga qadam qoʻyar ekan, sohaga kirib kelayotgan yosh xodimlarga boy tajribasi, soha sirlarini oʻrgatishni qizgʻanmaydi. Halol xizmat, fidoyi mehnat besamar qolmasligini taʼkidlaydi.

... Bugun ham dam olishdan soʻng yana navbatchilik kuni. Xizmat libosini kiyib, ish sari yoʻlga otlanar ekan, navbatchilikning tinch oʻtishini – yurtning osoyishta, xavfsiz boʻlishini tilab dasturxonga duo qildi...  

Muqaddas SAPAROVA. 

Jizzax viloyati.