Xorazm viloyati IIB JXX YHXB YPX batalyoni 5-safarbar guruhi YPX inspektori, safdor Javlon Xudoyberganov Urganch shahar «Sanoatchilar» koʻchasida «Lacetti» rusumli transport vositasi haydovchisiga xavfsizlik kamarini taqmasdan avtomashina boshqarayotgani uchun toʻxtash ishorasini beradi. Afsuski qoidabuzar haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabini bajarmasdan harakatni davom ettiradi. Inspektor darhol xizmat avtomashinasiga oʻtirib, Urganch shahar «Mashʼal» mahallasi hududida ovoz kuchaytirgich moslamasi orqali haydovchiga avtomashinani toʻxtatishni buyuradi. Qonun himoyachisidan qochib qutulolmasligiga koʻzi yetgan haydovchi noiloj toʻxtashga majbur boʻladi.
Inspektor haydovchining hujjatlarini koʻzdan kechirayotib, undan spirtli ichimlik hidi kelayotganini sezib qoladi va uni «alkotester» texnik vositasi koʻrigidan oʻtishga taklif etadi. Qaysar haydovchi YPX inspektorining bu talabini ham bajarmasdan, transport vositasini mast holda boshqarganini tan oladi va ushbu qoidabuzarlikni rasmiylashtirmaslik hamda avtomashinani jarima maydoniga qoʻymaslik evaziga safdor J.Xudoyberganovga 200 AQSH dollari taklif qiladi. Inspektor haydovchiga pora berish ogʻir jinoyat ekanligini yotigʻi bilan tushuntirib, unga «alkotester» koʻrigidan oʻtish belgilangan qonun talablari boʻyicha shartligini yana bir bor taʼkidlaydi. Ammo kundalik hayotimizdagi barcha muammolar pora berish orqali osongina hal boʻlib ketaveradi, deb oʻylagan haydovchi inspektorni pora olishga undashda davom etadi va 500 AQSH dollari berishini aytadi.
Huquqiy tushuntirishlar besamar ketgach, YPX inspektori viloyat IIB boshligʻiga holat yuzasidan murojaat qiladi. Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida urganchlik K. Ruslan YPX inspektori, safdor J. Xudoyberganovga taklif qilgan 500 AQSH dollarini bergan paytida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy-dalillar bilan ushlandi.
– Oʻz manfaatimni oʻylab, katta xatoga yoʻl qoʻydim, – deydi haydovchi oʻz koʻrsatmasida. – Pora oldi-berdisi ogʻir jinoyat ekanligini bila turib, shunday qaltis ishga qoʻl urdim. Qilmishimdan juda afsusdaman.
Shu tariqa ichki ishlar organlari xodimining fidoyiligi, xizmat burchiga sadoqati tufayli pora berishga uringan nopok kimsaning noqonuniy qilmishi fosh etildi.
Oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
