Koʻplab manbalar Poytugʻning qadimiy hudud boʻlganligidan darak beradi. Ularning ayrimlari ogʻzaki rivoyat va afsonalarga tayansa, boshqa birlari tarixchilarning tadqiqotlariga asoslanadi. Aksariyat maʼlumotlarda «Poytugʻ» nomi Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan zabt etilishi bilan bogʻlangan.
Maʼlumki, VII asrning oxiri VIII asrning boshlarida arablar Oʻrta Osiyoga yurish boshlab, birin-ketin turli hududlarni qoʻlga kiritadi. Movarunnahrni bosib olishda arab lashkarlariga tajribali sarkarda Qutayba ibn Muslim boshchilik qilgan. Bu tomonlarga Hazrati Ali yetib kelmagan boʻlsa-da, Qutayba qoʻlga kiritgan barcha zafarlar uning nomiga aloqador. «Poytugʻ» soʻzining etimologik tahlili «Poy» – «qadam», «oyoq»; «tugʻ» esa «bayroq» maʼnosini ifodalaydi. Ikkala soʻz birikib, «Poytugʻ»ni hosil qilgan. Yaʼni, «Alining qadami yetib, ishgʻol etilgan va gʻalaba bayrogʻi koʻtarilgan joy» maʼnosini beradi. Shundanmi, izboskanliklar bu shaharni «Poytugʻi aziz» deb aytishadi.
Hudud arablar istilosigacha shakllangan edi, degan fikrga asoslanilsa, uning yoshi
1500 yilga borib taqaladi. Demak, shahar 19–20 avlodni koʻrgan va kuzatgan nazarkarda joy. Ammo bu manbalar rivoyatlarga asoslangan holda keltirilgan. Shaharning ilmiy tekshirishlar asosidagi talqini esa boshqacharoq farazlarga tayanadi.
Ulardan biri – Poytugʻ – Fargʻona vodiysiga eramizning V asridan Tyanshon tomonidan koʻchib kira boshlagan turkiy qabilalar, shuningdek, VIII asrdan arablarning kelishi natijasida mashhur Elaton vayronagarchilikka uchraganidan soʻng paydo boʻlgan qadimiy makondir.
Ikkinchi talqin – arab askarlari Elaton shahriga hujum qilganlarida elatonliklar arablarni shahar tashqarisida bugungi «Poytugʻ» tomondan qarshi olgan. Xalq ogʻzidagi «Ali shu yerga bayrogʻini tikkan» degan afsona bu yerda jang boʻlganidan darak beradi. Qadimga turk tilida «Bay» – «tutmoq», «Bogʻlamoq» maʼnosida ishlatiladi. U holda «baytugʻ», yaʼni «bayroq tutmoq» degani boʻlishi mumkin.
Mahmud Qoshagʻariyning «Devoni lugʻatit-turk» asarida «poytugʻ» atamasi «toʻgʻon tagi», «toʻgʻon yoni» degan maʼnoni beradi. Ammo bu atama etimologiyasi hali tilshunoslarimiz tomonidan toʻla aniqlanganicha yoʻq.
Yana bir talqinga koʻra, XIV asrning ikkinchi yarmida Moʻgʻuliston hukmdori Qamariddin Fargʻonaga hujum uyushtiradi. Sohibqiron Amir Temur dushmanni uzil-kesil yoʻq qilish maqsadida togʻ orqali vodiydagi «Boytogʻ» degan mavzega tushib kelgan. Sharafiddin Ali Yazdiy esa bu mavzeni «Poytogʻ» deb yozadi. Tahlillar esa ulugʻ sarkarda 1376-yilning qishida 53 kun turgan bu hudud katta ehtimol bilan hozirgi Poytugʻ ekanligini anglatadi.
Nigora
TOʻXTAMATOVA,
jurnalist.
Andijon viloyati.
