Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmatining xabar berishicha, Qoʻqon shahridagi avtomaktablardan birining rahbari oʻqimagan fuqaroga “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini 900 AQSH dollari evaziga olib bermoqchi boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 22 iyul kuni Bagʻdod tumanida yashovchi fuqaro Fargʻona viloyati IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, Qoʻqon shahridagi avtomaktablardan birining rahbari “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini oʻqimasdan turib, qisqa muddatda, imtihonlarsiz olib berishini aytib, 900 AQSH dollari miqdorida pul talab qilayotganligini maʼlum qiladi.
Shu kuni IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Rishton tumani boʻlimi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilib, avtomaktab rahbari SH.I. arizachidan talab qilingan 900 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
