Maʼlumki, Prezidentimizning «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida»gi farmoniga asosan respublikamizning barcha harbiy-akademik liseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilgan edi.

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik liseyida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi. Oʻquv binosi sari odimlarkanmiz, boʻsagʻada bizni maktab direktori Rustam Qosimov kutib oldi va taʼlim muassasasi bilan batafsil tanishtirib chiqdi. 

Oʻquv xonalari hamda axborot-resurs markazini koʻzdan kechirarkanmiz, har biri kerakli jihozlar, koʻrgazmali qurollar, uslubiy-metodik oʻquv qoʻllanmalari bilan jihozlanganining guvohi boʻldik. Mazkur harbiy-akademik liseyda oʻquvchilar tajribali ustozlari koʻmagida fanga doir barcha ilmlarni puxta egallashmoqda.

— Taʼlim muassasamizda birinchi bosqichdanoq oʻquvchilarga nishonga aniq otish, saf tayyorgarligi boʻyicha boshlangʻich bilim va koʻnikmalar beriladi, – deydi biz bilan suhbatda boshlangʻich tayyorgarlik fani katta oʻqituvchisi Aʼzamjon Axmedjanov. – Oʻqish davomida bu nazariy bilimlar hamda amaliy koʻnikmalar yanada chuqurlashtirilib boriladi. Sohibqiron bobomiz Amir Temur jang sanʼati, uslublari oʻquvchilarimizga yetarlicha bilim berilmoqda. Ularning oʻqib-oʻrganishlari uchun ham darsliklar, qoʻllanmalar mavjud. Ular oʻzlari qiziqqan sport turlari bilan shugʻullanishadi. 

Lisey oldidagi saf maydonida harbiy liboslari oʻzlariga yarashib turgan oʻsmirlar ustozlaridan saf mashqlarini oʻrganishmoqda. Sport majmuasida esa bir tomonda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi oʻquvchilarga sportning qoʻl jangi turi boʻyicha mashq bajartirmoqda, bir tomonda futbol oʻyini davom etmoqda. 

– Men bolaligimdan togʻalarim singari Vatan himoyachisi boʻlishni orzu qilganman, — deydi buxorolik 1-bosqich oʻquvchisi Ramazon Karimov. – Shu sababli «Temurbeklar maktabi»ga oʻqishga kirdim. Kelajakda Jamoat xavfsizligi universitetiga oʻqishga kirmoqchiman. Maqsadim – yurtimizning oʻgʻlonlari singari Vatanimizni himoya qilish.

Shu tariqa «Temurbeklar maktabi»ga uyushtirilgan press-tur oʻz nihoyasiga yetdi. Maktab rahbariyati va oʻquvchilari bilan xayrlashar ekanmiz, xayolimdan ushbu dargohda tahsil olayotganlar kelajakda Vatanimizning asl posbonlari boʻlib yetishadi, degan fikr oʻtdi.

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.