Joriy yilning 26 mart kuni Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P. Bobojonov hamda Prezident maslahatchisi oʻrinbosari D. Qodirov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriq va koʻrsatmalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliev tegishli xizmat rahbarlari ishtirokida profilaktika inspektorlari bilan yuzma-yuz uchrashib kelmoqda. Uchrashuvlarda asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 mart kunidagi "Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni mazmun-mohiyati yana bir bor tushuntirilib, mahallalarda “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida ishlash tizimi boʻyicha tavsiyalar berilmoqda.
Yaqinda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik SH. Aliev, boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik J. Boltaev va Oʻz xavfsizlik boshqarmasi viloyat boʻyicha boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik J.Toʻraevlar Shofirkon va Vobkent tumanlari profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazishdi. Polkovnik SH. Aliev har bir profilaktika inspektori bilan samimiy muloqotda boʻlib, bugungi kunda tizim xodimlari zimmasidagi vazifalar, ularni amalga oshirishning mexanizmlarini birma-bir tushuntirib, bildirilgan ishonch va eʼtibordan xulosa qilgan holda, xizmat faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish lozimligi, bunda berilgan topshiriq va koʻrsatmalar yuzasidan ijrochilik, xizmat intizomi va qonun talablariga ogʻishmay amal qilish, fuqarolarning dardu tashvishi bilan yashab, oʻz xizmat hududida obroʻ va eʼtiborga sazovor boʻlish orqali fuqarolarimizning ichki ishlar organlari va davlatdan rozi boʻlishiga erishish mumkinligini taʼkidlarkan, ayni paytda, profilaktika inspektorlarining fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi.
Shofirkonda oʻtkazilgan uchrashuvda tuman hokimi Sh. Hakimov ham ishtirok etib, mahalla huquq-tartibot maskanlarining moddiy-texnika taʼminotini mustahkamlash maqsadida 10 dona zamonaviy kompʼyuter jamlanmalarini taqdim etdi.
Bu kabi ochiq muloqatlar viloyatning barcha shahar va tumanlari IIBda davom etmoqda.
SH. JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
