IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 6-mintaqaviy hudud rahbariyatining tashabbusi bilan joriy yilda birinchilardan boʻlib, tizimda xizmat olib borayotgan psixolog xodimlar bilan «Psixologik xizmat koʻrsatish amaliyoti» mavzusida oʻquv-amaliy seminar mashgʻulotlari tashkil etildi. Mashgʻulotlardan koʻzlangan asosiy maqsad jazoni ijro etish muassasalarida xizmat qilib kelayotgan psixolog xodimlarning malaka va tajribasini yanada oshirish, xodimlar va koloniyalarda saqlanayotgan mahkum hamda mahbuslar bilan ishlash, ularning psixologik holatini muntazam nazorat qilib borish, turli ruhiy buzilishlar va salbiy holatlarning oldini olishdan iborat.

Individual tafovutlar psixologiyasi, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishda psixologik testlarning oʻrni, omma oldida nutq soʻzlash orqali psixologik taʼsir koʻrsatish, mahkum psixologiyasi va profayling tizimining psixologik xususiyatlari mavzularini qamrab olgan seminarda ishtirokchilar faol qatnashdi. 

Shundan soʻng ular 4-sonli tergov hibsxonasida amaliy psixologik trening jarayonlarida ishtirok etishdi. Seminar mashgʻulotlarining ikkinchi kunida esa 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida boʻlishib, u yerda olib borilayotgan psixologik ishlar tartibi bilan yaqindan tanishishdi. Koloniyada tashkil etilgan psixologik xizmat xonasida mahkumlar bilan trening mashgʻuloti oʻtkazildi. Ushbu jarayonda barcha psixologik xodimlar bevosita ishtirok etishdi.

Oʻquv seminar mashgʻuloti soʻngida ishtirokchilarga 6-mintaqaviy hudud rahbarining sertifakatlari tantanali ravishda topshirildi. Shundan soʻng ishtirokchilar viloyatdagi tarixiy obidalar va qadamjolarga tashrif buyurishib, tadbirdan oʻzgacha taassurot bilan qaytishdi.


SH. RADJABOV,

Oltinchi mintaqaviy hudud mintaqaviy

muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, 

podpolkovnik.