Halollikni shior qilgan xodimlar
Doʻstlik tumanidagi Paxtazor yoʻlining 1-kilometrida xizmat olib borayotgan viloyat IIB JXX YHXB YPX batalyoni uchinchi safarbar guruhi yoʻl-patrul xizmati inspektori, safdor Azamat Mamatov yuqori tezlikda kelayotgan «Nexia-3» avtomashinasiga toʻxtash ishorasini koʻrsatdi. Haydovchining avtoulov harakatini keskin sekinlashtirgani xodimni sergak torttirgandi.
YPX inspektori yaqinlashganda, haydovchi koʻzini olib qochdi, uning xotirjam emasligi avtoulov yuritgichini oʻchirishga urinayotgan qoʻl harakatlaridan sezilib turardi. Muloqot chogʻida safdor suhbatdoshining koʻz qorachiqlari kengayganligini payqadi.
Bular hammasi haydovchining mast holatda ekanligiga ishora qilardi. Shu bois qonun himoyachisi Arnasoy tumanining «Doʻstlik» mahallasida yashovchi B.T.ni «Alkostop 8000 S»da tekshiruvdan oʻtkazdi. Qurilma haydovchining spirtli ichimlik taʼsirida ekanligini koʻrsatdi.
Xodim holat yuzasidan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydoniga qoʻyish choralarini koʻra boshladi. Kutilmaganda haydovchidan piyodaga aylanib qolayotgani B.T.ni choʻchitib yubordimi, inspektorga 1 million soʻm hamda 400 AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi. Buning evaziga safdor bayonnomani yoʻq qilishi hamda avtomashinani jarima maydonchasiga qoʻymasligi kerak edi.
Inspektor B.T.ning mazkur xatti-harakati qonunga zid ekanligini tushuntirdi. Haydovchi esa: «Erkakchilikda hamma narsa boʻlishi mumkin», – deya falsafa toʻqib, pora tiqishtirishda davom etdi. Gumonlanuvchi oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi 1 million soʻm hamda 400 AQSH dollarini safdor Azamat Mamatovga pora tariqasida berayotganida qoʻlga olindi. Qisqasi, pul hamma eshiklarni ochishiga ishongan B.T.ning jinoiy javobgarlikka tortilishi naqd boʻlib turibdi.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
