Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi Samarqand turistik markazida xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi situatsion tahlil boʻlinmasi katta mutaxassis- operatori, mayor Sherzod Gʻaniyev qoʻlida gitara ushlab kelayotgan oʻspirin yigitchani savolga tutdi:
– Olti oydan beri gitara chalishni oʻrganayapman, – dedi oʻsmir.
– Unda qoʻling ancha kelishib qolgandir?
– Ha, istaysizmi, chalib koʻrsataman?
– Albatta.
Ikkalasi «Boqiy shahar» turistik majmuasi boʻylab yurishdi. Yoʻl-yoʻlakay tanishib olishdi. Akbar shu yerdagi oʻrindiqlardan biriga oʻtirib, gitara chalib, qoʻshiq xirgoyi qildi. Mayor Gʻaniyev ham unga joʻr boʻldi.
– Ha, chakkimas. Astoydil qiziqsang, buni mashq qil, – dedi Sherzod.
Lavhamiz qahramoni ham bolaligida qoʻshiqchi boʻlaman, derdi. Bu orzusi hattoki tushlariga ham kirib chiqardi. Ammo yillar oʻtib sanʼatni emas, huquqshunoslikni tanladi. 2014-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlab, viloyat IIB SHTBIX tarbiyaviy ishlar boʻlinmasi inspektori sifatida ish boshladi. Oʻtgan yillar davomida turli lavozimlarda xizmat qildi. Bugungi kunda sayyohlar xavfsizligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifani ado etmoqda.
Uning yuragida hassos bir olam yashirin. Kuylaydigan qoʻshiqlari oʻzining ichki dunyosi, boshidan kechirgan hayot sinovlari, orzularining eʼtirofi, ifodasi, koʻngil ehtiyoji.
– Sherzod Gʻaniyev fidoyi xodim. Shuning bilan bir qatorda, shirali ovozi bor. Qoʻshiqlari tinglovchining dil torlarini chertib yuboradi. Hech bir bayram tadbiri uning ijrosidagi qoʻshiqlarsiz oʻtmaydi. Ayniqsa, Vatanni madh etuvchi qoʻshiqlarini eshitsangiz, yuragingiz toʻlqinlanib ketadi, – deydi viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari – XTTB boshligʻi, podpolkovnik Eldor Alqarov.
Sherzod Gʻaniyev sanʼat yoʻnalishidagi turli koʻrik-tanlovlarning faol ishtirokchisi. 2016-yilda «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika koʻrik-tanlovida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan. 2024-yilda «X Faktor» ovoz loyihasida Samarqand viloyatida oʻtkazilgan kastinglardan oʻtib, mamlakatimiz miqyosidagi bosqichda ham oʻz isteʼdodini namoyon etib, eʼtirofga sazovor boʻldi. Qadrdon gitarasi unga xizmatdan boʻsh vaqtlarida doimiy hamroh. Mayor Sherzod Gʻaniyev 4 oʻgʻilni tarbiyalayapti. «Ularning biri, albatta, sanʼatkor boʻlishini istayman», deydi u.
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
