Zangiota tumani IIB Tashkiliy boʻlimning murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, mayor Sherbek
Raimjonov fuqaroning arizasini qabul qilish uchun nazorat oʻtish punkti tomon borayotgan edi. Uning oldiga mazkur
punktda xizmat vazifasini oʻtayotgan yosh xodim, safdor Sarvar Usivaliev yugurib chiqib, tashqarida bir ayol oʻzini gʻalati tutayotganligini aytadi.
Shu asnoda avtomobillar turargohida oʻrta yoshlardagi bir juvon ustiga benzin quyib, olov yoqib yuboradi. Tezkor qaror qabul qilgan osoyishtalik posboni avvaliga ust kiyimi bilan, bu foyda bermagach, xizmat uchun berilgan choyshabni ayolning ustiga yopgancha, yongʻinni oʻchirishga harakat qiladi. Ammo alanga kuchli boʻlganidan, olov uning kiyimlariga ham oʻtib, natijada Sherbekning yuzi, qoshi, sochi, quloqlari va ikkala qoʻlining panjalari kuyib qoladi.
«Tilsiz yov»ni jilovlashning uddasidan chiqqan jonkuyar xodimning sogʻligʻi yomonlashib, hamkasblari uni va yongʻindan qutqarib qolingan ayolni zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib kelishadi. Shifokorlarning oʻz vaqtida koʻrsatgan tibbiy muolajalari tufayli Sherbek Raimjonovning hayoti saqlab qolinadi. Biroq oʻziga suiqasd qilgan ayolning umri shu yerda poyoniga yetdi.
– Safimizda ana shunday mard xodimlar borligidan juda faxrlandik, – deydi Zangiota tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Shuhrat Miliev. – Doimo oʻzining xizmat va jamoat ishlaridagi faolligi bilan barcha safdoshlariga namuna boʻlib kelayotgan Sherbek oʻz ahdiga sodiq qolib, el osoyishtaligi yoʻlida, kerak boʻlsa, jonini ham ayamasligini amalda isbotladi.
Yoshligidan ota kasbiga havas qilgan Sherbek oliy taʼlim muassasasini tamomlab, biroz muddat oʻzi tahsil olgan maktabda yoshlarga taʼlim berdi. Soʻngra viloyat IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida inspektor va katta inspektor lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. Bu borada ustozlari, hozirda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Tashkiliy boshqarma tahlil guruhi bosh inspektori, podpolkovnik Dinara Yulchiyeva hamda Toshkent tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Dilshod Tolipovlarning yoʻl-yoʻrigʻi asosida sohani mukammal egalladi.
– El koriga yaraydigan oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazganimdan boshim koʻkka yetdi, – deydi isteʼfodagi podpolkovnik
Abdumoʻmin Raimjonov. – Jamiyatda insonlardan mehr-muruvvatini ayamaydigan odamlar qanchalik koʻpaysa, muammolar ham shunchalik chekinaveradi. Bunday munosabatni biz, avvalo, oʻzimizdan, soʻngra esa oilamizdan boshlasak, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Ilk faoliyatini oʻzi tugʻilib oʻsgan Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani IIB JQB katta tezkor vakili lavozimida boshlagan Abdumoʻmin aka keyinchalik mazkur boʻlinma hamda Qoʻrgʻontepa tumani IIB JQB boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritadi. Xizmatni IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasida davom ettirgan
A. Raimjonov bir muddat IIV MT va XTB boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib bordi. 2005-yilda Qorovul qoʻshinlari bosh boshqarmasi Moddiy taʼminot boshqarmasi oziq-ovqat xizmati boshligʻi lavozimidan sogʻligʻi tufayli pensiyaga chiqadi. Endilikda nevaralar qurshovida oʻzini baxtiyor sezayotgan faxriy doimo yurt tinchligi yoʻlida duo qilishdan charchamaydi.
Ayni paytda, eson-omon oyoqqa turgan mayor Sherbek Raimjonov yana oʻz hamkasblari bilan bir safda xizmat faoliyatini davom ettirmoqda. Biz uning ona yurt oldidagi masʼuliyatli faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz!
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
