Ana shu tarzda joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida boʻlinma tomonidan 18 ta jinoyat aniqlanib, fosh etildi. Jumladan, 4 ta fohishaxona tashkil etish, 5 ta giyohvandlik moddalarini saqlash, 2 ta tovlamachilik,
2 ta tavakkalchilikka asoslangan qimor oʻyinlarini tashkil etish, 2 ta kiberjinoyat, 1 ta noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan bogʻliq jinoyatlar. Jinoyatlarning ochilishida mayor Qobiljon Gʻafforov boshchiligidagi xodimlar baravar jonbozlik koʻrsatdi. Aslida, boʻlinmadagi xizmat jarayonining mohiyati oʻzaro birdamlikka asoslangan. Jinoyatni qidirish, aniqlash, fosh etish uchun ularning barchasi teng oyoqqa turadi. Chunki jinoyatchilik olamida kutilmagan holatlarga duch kelish odatiy hol. Jinoiy shaxslar yoki toʻdalar tomonidan qarshilik koʻrsatish, hayot uchun xavf tugʻdiruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirish holatlari uchrab turadi.
– Kasbimizning eng asosiy jihati tezkorlik, – deydi boʻlinma tezkor vakili, katta leytenant S.Ismatov. – Jinoyatni oʻz vaqtida aniqlashga harakat qilmasak, vaziyat izdan chiqishi mumkin.
Katta leytenant S. Ismatov IIV Akademiyasini tamomlab, boʻlinmaga ishga kelganida 20 yosh edi. Unda sohaviy xizmat xodimiga xos tugʻma xarakter mavjud: qatʼiyatlilik, uddaburonlik, ishni oxirigacha yetkazish. Jiddiyligi, sovuqqonligi ham koʻp hollarda yordam beradi. U jinoyatda gumonlanayotgan har qanday shaxs bilan vaziyatga qarab muloqotni yoʻlga qoʻya oladi. Bu borada Akademiyada olgan saboqlari, qolaversa, jamoadagi yoshi ulugʻ, tajribali hamkasblaridan bilmaganlarini oʻrganib borishi qoʻl kelmoqda.
Jalaquduq Andijon viloyatining shimoli-sharqida joylashgan. Bugun hududda aholi tinch-osuda hayot ogʻushida. Agar qandaydir huquqbuzarlikka duch kelishsa, ularni qonun yoʻli bilan himoya qiluvchi osoyishtalik posbonlari bor. Amalga oshirilayotgan turli profilaktik tadbirlar, xodimlarning oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashuvi ortidan tumandagi jinoyatchilik koʻrsatkichi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Boʻlinma vakillari – kapitanlar Olimjon Yigitaliyev va Muzaffar Sheraliyev ham tezkor tadbirlarda kasbining asosiy qoidalari hisoblangan aniqlik va hushyorlikni koʻzdan qochirmaydi.
Nigoraxon TOʻXTAMATOVA,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
