Inson bu dunyoda baxtli yashashga haqli. Baxt esa, qoʻl choʻzsang, kaftingga qoʻnadigan qush emas. Bordi-yu, biz baxtni qush deb tasavvur qilgan chogʻda ham, u chinakam fidoyi, tilu dili bir, niyati qilayotgan ishi, amaliga mutanosib, halol va pokiza insonlar boshida uchadi, parvona boʻladi.
Yaxshilik, millatparvarlik, vatanparvarlik har bir insonga yarashadi. Bu fazilatlar sohibi, avvalo, oilasining, jamiyat, mahalla-koʻy, uni bilgan hamyurtlari eʼtibor-u eʼzozida boʻladi.
Shu oʻrinda, men «Ichki ishlar organi xodimi qanday fazilatlarga ega boʻlishi kerak?» degan savolga hech ikkilanmay, quyidagi fikr-mulohazalarni keltirgan boʻlardim.
Xalqimiz tili bilan aytganda, yetti oʻlchab, bir kesadigan, chuqur mulohazali, odamoxun, bagʻrikeng, bosiq, ayni paytda qatʼiyatli, soʻzi keskir, jism-u jonidan ulugʻvorlik, salobat yogʻilib turadigan, hamisha va har ishda adolatga tayanadigan, qonun ustuvorligiga qatʼiy amal qiladigan, oʻz vakolati chegaralarini biluvchi va uni suiisteʼmol qilmaydigan, bilimli, oilaparvar inson boʻlishi kerak, deb oʻylayman.
Chunki hukm oʻquvchi yoki shuni ijro etadigan odam jazolashga doimo ulguradi. Vaholanki, ichki ishlar organlarining asosiy xizmat mayogʻi jazolash emas, balki jinoyat yoki huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishga qaratilishi lozim! Shu maʼnoda, ichki ishlar xodimi ham jazolovchi maqomidan koʻra, jinoyatning oldini oluvchi, huquqbuzarliklar sodir etilmasligini taʼminlovchi boʻlishini juda-juda istardim. Dunyoda sabab va oqibat degan ikki oʻzan bor. Ichki ishlar xodimi, modomiki, xalq, jamiyat bilan muomala qilarkan, mana shu omillarni oʻz hayotiy tajribasi va malakasi, bilimi, odamlarning turmush tarzi, dunyoqarashi va kasb-u korini kuzatgan shaxs sifatida toʻgʻri va tezkor baholay olmogʻi darkor! Ana shunda salla olib kelinishi joiz boʻlgan oʻrinlarda kalla ham qoʻshib keltirilmaydi...
Aybiga oʻz ixtiyori bilan iqror boʻlgan insonni oʻz vijdoni koʻzgusiga solish, qalban ezgulikka esh qilish, oilasi, el-yurt oldidagi masʼuliyatini anglatish, bir soʻz bilan aytganda, Xudodan qoʻrqib, xalqdan uyalishigacha yetkazish uchun ichki ishlar sohibi bilimli, oqil-u odil boʻlmogʻi zarur.
Muxtasar qilsak, ichki ishlar organlari xodimlari ezgu ishda, ezgu niyatlarda, ezgu amallarda namuna boʻlolsa, unday odamga oʻzgalar ham ergashadi, havas qiladi, suyanadi, ishonadi! Zotan, Yangi Oʻzbekistonda qatʼiyat sohibi qadr topadi, hayotidan, kasbidan baraka topadi!
