Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni tumanlararo PPX otryadi 1-guruh inspektori, safdor Madadbek Joʻraqulov ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Ammo qatʼiyatliligi, xushmuomalaligi, tartib-intizomliligi bilan jamoa orasida tez hurmat qozondi. U odatda Karmana tumani markazida xizmat oʻtaydi. Bu yerda koʻplab savdo doʻkonlari, maishiy xizmat obyektlari, bozor, maktab, bogʻcha va sihatgohlar joylashgan. Xullas, aholi gavjum boʻladi. Madadbek Joʻraqulov faoliyati davomida koʻplab huquqbuzarliklarning oldini olishga, jamoat tartibini saqlashga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Ayniqsa, tungi reydlarda faol qatnashadi. Yaqinda oʻtkazilgan tadbir chogʻida shubhali koʻringan shaxsni toʻxtatib, hujjatlarini koʻzdan kechirdi. Shunda uning qidiruvda ekanligini aniqladi. Lavhamiz qahramoni xiz­mat davomida faqat huquqbuzarlikka qarshi kurashibgina qolmay, aholi bilan muloqotga ham alohida eʼtibor qaratadi. Chunki jamoat xavfsizligi faqat jazo yordamida emas, balki profilaktik ishlar bilan ham taʼminlanadi. 

Karmana tumanidagi dehqon bozorida kun boʻyi odam gavjum boʻladi. Erta tongdan sotuvchilar-u xaridorlarning gʻala-gʻovuri, mashinalarning ovozi eshitilib turadi. Shunday shovqin-suronda bozordagi xoʻjalik mollari rastasida savdo qiladigan tadbirkor ayol hisob-kitob qilinganda anchagina pullari yoʻqolganini payqadi. Ushbu holat yuzasidan IIBga murojaat qildi.

Safdor Madadbek Joʻraqulov oʻz yoʻna­lishi boʻylab xizmat oʻtab yurgan paytida mazkur xabarni qabul qildi. U tezkor guruh bilan hodisa joyiga yetib bordi. Bozordagi videokuzatuv moslamalari koʻzdan kechirildi. Kadrlarda yosh yigit rastalar orasida aylanib yurgani, sotuvchi ayolning bir necha lahza chalgʻiganidan foydalanib, uning sumkaga qoʻl suqqani aks etgandi.

Ammo uni topish oson kechmadi. Chunki yigit qoʻlga tushmaslik maqsadida bosh ki­yimini almashtirgan, egnidagi kiyimini teskari kiygan, bozordan chiqqach yoʻnalishini bir necha marta oʻzgartirgan edi. Xullas oʻzicha uddaburonlik bilan reja tuzgandi.

Safdor Madadbek Joʻraqulov hududni yaxshi bilgani bois, hamkasblari bilan birga bozor atrofidagi kirish-chiqish yoʻlaklarni nazoratga oldi. Gumon qilinuvchini qidiruv ishlari boshlab yuborildi. Oradan koʻp oʻtmay, bozorga yaqin koʻchada shoshib ketayotgan yigit toʻxtatildi. Uning tashqi koʻrinishi videokadrlardagi tasvirlar bilan solishtirlib, gumon qilinuvchi shaxs aynan shu yigit ekanligiga ishonch hosil qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, u avval ham mayda oʻgʻrilik sodir etgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, vaqtinchalik ishsiz ekan. Jabrlanuvchi ayol pullarini qaytarib olarkan, haligi yigitga qarab: «Bolam tengi ekansan. Toʻgʻrilikcha soʻrasang, oʻsha pulni bermasmidim?!» – deya kuyindi. Balki, shu soʻzlar yigit uchun eng katta dars boʻlgandir. Madadbekning xizmat faoliyatida bunga oʻxshash voqealar uchrab turadi.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.