— Biz uchun har bir ishda sinchkovlik talab etiladi. Chunki jinoyat joyidan topilgan maʼlumot faqat aybdorni topishga emas, balki begunohlarni oqlashga ham yordam beradi. Shu bois har bir iz — hal qiluvchi ahamiyatga ega, — deydi bosh ekspert podpolkovnik Hasanjon Begmatov.

Ekspertlar faoliyati turli sohalarni qamrab oladi — daktiloskopiya, trasologiya, ballistika, xatshunoslik va kimyoviy-texnik tadqiqotlari. Ular koʻzdan qochgan mayda detallardan voqea manzarasini qayta tiklaydilar.

— Jinoyatchilar iz qoldirmadim, deya oʻylashlari mumkin, — deydi kapitan Sardor Muhiddinov. — Lekin tajribam shuni koʻrsatadiki, har bir harakatning izi bor. Faqat uni topish va toʻgʻri talqin qilish zarur. Biz aynan shu ishni qilamiz. 

Koʻp hollarda ilmiy asosda oʻtkazilgan ekspertizalar xulosalari jinoyatlarni tezkor fosh etishda, aybdorlarni jazoga tortishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 — Bir ish esimdan chiqmaydi, shubha ostiga olingan yigitga qarshi koʻpgina gumonlar bor edi. — Ammo biz topgan izlar uning aybsizligini koʻrsatdi. Keyin sud uni oqladi. Ana shu lahzada ishimizning chinakam qiymatini his etamiz, faxr tuygʻusini tuyamiz, — deydi kapitan Javlon Fayziyev.

Zamonaviy kriminalistikada kimyoviy ekspertizaning ahamiyati katta. Ayniqsa, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustida ilmiy tadqiqotlar murakkab jinoyatlarni fosh etishda muhim omil.

Yaqinda viloyat hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida xonadonida katta miqdorda yashil rangli, oʻtkir hidli giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda saqlayotgan shaxs qoʻlga olindi. Uning uyidan topilgan va daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan moddaning tashqi koʻrinishiga qarab haqiqiy tarkibini aniqlash mumkin emas edi.

— Har qanday modda tashqi belgisiga koʻra baholanmaydi. Chunki giyohvandlik vositalari turi koʻp, ular baʼzan oddiy dori-darmon yoki oziq-ovqat qoʻshimchasiga oʻxshab ketishi mumkin. Shuning uchun biz moddani ilmiy laboratoriyada tahlil qilamiz, — deydi EKM bosh eksperti, podpolkovnik Murod Mansurov.

Topilgan modda laboratoriyaga olib kelingandan soʻng bir nechta bosqichda tekshiriladi. Fizik-kimyoviy tahlil qilinib, moddaning rangi, tuzilishi, eruvchanligi va harorat taʼsiridagi holati aniqlanadi.

Ayni rivojlangan texnologiyalar davrida sohaning taraqqiy etishi xodimlarning ilmiy yondashuvini taqozo etmoqda. EKM xodimlari ham xizmat jarayonida duch kelgan holatlarga ilmiy jihatdan yondashib, xulosalarini aniq faktlar asosida tayyorlaydi. Chunki haqiqatga yetaklovchi yoʻl – bu har doim fan, aniqlik va halol mehnatdir.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.