Toshkent viloyati IIBB hamda Oʻrta Chirchiq va Bekobod tumanlari IIB tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlar davomida noqonuniy qimor oʻyinlari tashkil etilgan holatlar aniqlandi.
Xususan, Oʻrta Chirchiq tumanida
34 yoshli Arslon Ashurov (ism-shariflar oʻzgartirildi) Toshkent yoʻli koʻchasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanidagi xonalardan birida 7 nafar shaxsga har bir oʻyin uchun 100 ming soʻm evaziga qimor oʻynash uchun sharoit yaratib bergani maʼlum boʻldi.
Tadbir davomida ishtirokchilardan jami 1 million
600 ming soʻm pul va ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, Bekobod tumanining «Yangiovul» mahallasida 28 yoshli Mirzo Olimov tomonidan klaster dala maydonida pul tikish orqali xoʻroz urishtirish koʻrinishidagi qimor oʻyinlari tashkil etilgani aniqlandi.
Oʻyinga tikilgan 886 ming soʻm pul mablagʻi va 4 ta xoʻroz daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Oʻrta Chirchiq tumanida 7 nafar, Bekobod tumanida esa 25 nafar shaxsga nisbatan MJtKning tegishli moddasiga asosan maʼmuriy chora koʻrildi.
Har ikkala holat boʻyicha jami
3 nafar tashkilotchiga nisbatan
Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Abror POYONOV,
katta mutaxassis-muxbir, katta serjant.
Toshkent viloyati.
